«Bog‘ishamol»da yozgi dam olish mavsumi davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Andijon tumanidagi «Bog‘ishamol» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yozgi dam olishning uchinchi mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Ayni paytda bu yerda 316 nafar bola mazmunli hordiq chiqarib, turli to‘garak va sport mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.
Oromgohda bolalarning qiziqishi va iqtidorini rivojlantirishga qaratilgan 10 dan ortiq to‘garak faoliyat yuritmoqda. Jumladan, media, chet tillari, robototexnika, LEGO-konstruktorlik, qo‘g‘irchoq teatri, zardo‘zlik, kitobxonlik va kulolchilik kabi yo‘nalishlarida mashg‘ulotlar tashkil etilgan.
[gallery-30391]
Shuningdek, shaxmat, shashka, suzish, futbol va voleybol bo‘yicha sport mashg‘ulotlari muntazam o‘tkazilmoqda. Malakali murabbiylar rahbarligidagi mashg‘ulotlar bolalarning jismoniy chiniqishi, jamoada ishlash ko‘nikmalari va iqtidorini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi davomida oromgohda jami 1200 nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan. Buning uchun xavfsizlik, sifatli ovqatlanish va mazmunli hordiq chiqarish bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA