BMTTD bilan strategik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Ijtimoiy himoya milliy agentligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qo‘shma loyihalar natijalari va kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Agentlik direktori Mansurbek Olloyorov davlat ijtimoiy sug‘urtasi, parvarish xizmatlari standartlarini ishlab chiqish, Milliy strategiyani tayyorlashga qaratilgan CHANGE loyihasi hamda davlat tashkilotlarida gender tengligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Gender Equality Seal” tashabbusi doirasida erishilgan natijalarni alohida ta’kidladi.

BMTTD vakillari O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini modernizatsiya qilish, uni raqamlashtirish va xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, bu yo‘nalishdagi qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom ettirilishini bildirdi.
Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikning bir qator ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi. Xususan, davlat siyosatini shakllantirishda sun’iy intellekt va mikrosimulyatsiya modellaridan foydalanish hamda ularni Ijtimoiy reyestr va case management tizimiga integratsiya qilish, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun uzoq muddatli parvarish tizimini rivojlantirish, inklyuziv ta’lim va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, davlat ijtimoiy sug‘urtasini takomillashtirish, aktuar tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish va Agentlikning tahliliy salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Agentlik direktori BMTTD delegatsiyasini joriy yilning 21–22-oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli rivojlanish yo‘li» mavzusidagi Jahon sammitida faol ishtirok etishga taklif qildi.
Muloqotda ijtimoiy himoya sohasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, raqamli transformatsiya, analitik yechimlar, parvarish tizimi, gender tengligi, inklyuziya va davlat ijtimoiy sug‘urtasi yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA