Prezident maktabiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi
Navoiy shahridagi “Kimyogar” sport majmuasida Prezident maktabiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi doirasida test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Unda birinchi bosqich sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan 480 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
– Majmuada imtihoning shaffof va adolatli o‘tishi uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilgan, – deydi Navoiy shahridagi Prezident maktabi direktori Jo‘rabek Aslonov. – O‘quvchilar to‘liq Face ID tekshiruvidan o‘tkazilib, test jarayonlariga kiritildi. Test hujjatlari imtihon boshlanish jarayonidan oldinroq maxsus qoplarda keltirilib, xolislar ishtirokida ochilgan holda guruhlar uchun biriktirilgan mas’ullar tomonidan o‘quvchilarga tarqatildi. O‘quvchilarga matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish bo‘yicha 40 ta topshiriqni bajarishga 90 daqiqa, ingliz tili fanidan grammatika va matn bilan ishlash bo‘yicha 40 ta topshiriqni bajarishga 40 daqiqa berildi.

Prezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqich natijalariga ko‘ra, 480 nafar o‘quvchining faqatgina 24 nafari Prezident maktabiga qabul qilinadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri