Nafaqalar endi murojaatsiz tayinlanmoqda
Ijtimoiy himoya tizimida inson manfaatini ta’minlash, nafaqalarni o‘z vaqtida va kafolatli to‘lashga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Ayniqsa, davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimidagi raqamlashtirish jarayonlari fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, joriy yilda homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini fuqaroning alohida murojaatisiz, proaktiv tarzda tayinlash va to‘lash yo‘lga qo‘yildi.
Qayd etilishicha, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi orqali 235 201 nafar fuqaroga jami 1,43 trillion so‘m nafaqa to‘lab berilgan. Undan 111 689 nafar ayolga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun 1 trillion 269,5 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 123 512 nafar fuqaroga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi sifatida 159,2 milliard so‘m to‘langan.

Yangi tizim, avvalo, ish beruvchilar zimmasidagi ortiqcha moliyaviy yukni kamaytirish, shuningdek, mehnat qilayotgan fuqarolarning ijtimoiy himoyasini davlat tomonidan kafolatlashga qaratilgan. E’tiborli jihati, ijtimoiy nafaqalarni to‘lash jarayoni ish beruvchining xohishi yoki moliyaviy imkoniyatiga bog‘liq bo‘lgan holatdan bosqichma-bosqich chiqarilmoqda. Raqamli mexanizmlar orqali nafaqalarni tayinlash va to‘lash jarayoni soddalashtirilib, fuqarolarning hujjat to‘plashi va turli idoralarga murojaat qilishiga ehtiyoj kamaytirilmoqda.

Zero, ijtimoiy sug‘urta tizimidagi har bir raqam ortida inson taqdiri, oila manfaati va fuqaroning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mujassam. Yangi mexanizmlarning samarali ishlashi esa zarur paytda davlat ko‘magini o‘z vaqtida va kafolatli yetkazish imkonini yanada kengaytiradi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA