Biz izlayotgan qadriyat
Millat qadriyatlari – uning ruhi. Globallashuv sinovlari ostida ular o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqdami? Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar"i o‘zbek ruhini asrab, kelajakka qanday yo‘l ko‘rsatadi?
Dunyoda biz yaxshi bilgan-bilmagan millatlar, elatlar bor. Ammo ularni millat sifatida namoyon etadigan eng muhim omil – bu qadriyat hisoblanadi. Qadriyati bo‘lmagan millatning madaniyati, ma’naviyati ham bo‘lmaydi. O‘zbek millati million yillardirki, o‘zining yuksak qadriyatlari bilan butun insoniyatga oliy namuna bo‘lib kelmoqda. Buning siri — bu millatga berilgan yuksak qalbda, desak, hech yanglishmagan bo‘lamiz.
Har narsa o‘z aslicha go‘zal. Shunday ekan, haqiqiy insoniylik, afzal xulq-atvor va muqaddas tarbiya aynan bizning millatimizga xos. Bu esa boshqa xalqlarga ham tom ma’noda insoniylik namunasidir. Biroq zamonlar o‘tgach, bugungi kunda ana shunday mo‘’tabar qadriyatlarimizga ko‘z tekkandek go‘yo. Katta-yu kichikka hurmat, ota-onaga, qarindosh-urug‘ga, qo‘ni-qo‘shniga oqibatli bo‘lish o‘zbek xalqiga xos xislatlar sanaladi. Bu esa asrlar osha yashab kelayotgan boy ma’naviy merosimiz bo‘lmish kitoblarimizda ham o‘z aksini topgan.
Globallashuvning bizga noma’lum bo‘lgan ayrim unsurlari esa bugungi kunda ana shunday ma’naviy javohirlarimizga biroz shikast yetkazayotgandek. Ammo yuqorida aytganimizdek, bizning bebaho xazinamiz atalmish kitoblarimiz, ajdodlarimiz bitgan asarlarimiz borki, ular hamisha mayoqdir. Ana shunday asarlardan biri — o‘zbek romanchilik maktabini boshlab bergan va ayni paytgacha eng zo‘r roman taxtini hech bir asarga bo‘shatmagan “O‘tkan kunlar” romanidir. Ma’lumki, uning muallifi ulug‘ ma’rifatparvar jadid bobomiz Abdulla Qodiriydir.
Mazkur roman o‘zbek millatini so‘z bilan haqiqiy ma’noda jonlantira olgan asar sanaladi. Undagi obrazlar va roman syujeti istalgan o‘quvchini o‘zbekona muhit va qadriyatlar koshonasiga olib kiradi. Bunda biz faqat muhabbat qissasigagina emas, balki davr fojiasiga, millat ertasiga bo‘lgan mas’uliyatga va albatta, yuksak insoniy fazilatlarga guvoh bo‘lamiz.
Xususan, farzandning ota-onaga bo‘lgan yuksak hurmati aniq va ta’sirchan tasvirlangan. Masalan, Otabek obrazi bunga yaqqol misoldir. U garchand o‘z maqsadiga ota-onasini xabardor qila olmay erishgan bo‘lsa-da, onasining gapini ham ikki qilishga botina olmaydi. Mulohaza qilib ko‘rilsa, asardagi Hasanali obrazi Otabekning ma’naviy otasi edi. Har holda, Yusufbek hoji, ya’ni Otabekning otasi, shunday tayinlagandi. Bunday vaziyatda Hasanali o‘g‘il uchun ham qaror qabul qila olgan. Shuning uchun ham Marg‘ilonda Kumushbibiga aynan u sovchilikka borgan. Otabekning tarbiyasi shu qadar ediki, boshqalar Hasanalini kim deb so‘rashganda, uni tashqariga chiqarib, “qulimiz” deb javob bergan.
Umuman olganda, ota-ona bilan muomala madaniyati ham ushbu asarda juda saviyali ifodalangan. Masalan, Otabekning otasiga bergan javobini bir eslang: Yusufbek hoji “Biz sendan so‘ramay, sening ustingda bir ish qildik”, deganida, u shunday javob bergan: “Yaxshi kishilarning farzandlari ustida qilgan ishlari noto‘g‘ri bo‘lmaydi”. Ko‘rinib turibdiki, bu javob bilan u ham oilasini yuqoriga qo‘ymoqda, ham o‘z himoyasini unutmayapti.
Yoki bo‘lmasa, Kumushbibidagi tarbiyani eslaylik. Hatto betoblikdan joni qattiq azob chekayotgan bo‘lsa-da, xonaga qaynotasi kirganida joyidan qo‘zg‘alib, unga hurmat bajo keltirishga astoydil urinadi. Bu kabi misollar asarda talayginadir.
Xulosa qilib aytganda, mazkur asar “o‘zbek kim?” desa, “mana” deb ko‘rsatadigan darajadagi oliy namunadir. Qolaversa, bugungi uchinchi Renessansga poydevor qurilayotgan zamonda eng afzal yo‘riqnoma ham ayni unda mujassam. Negaki, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan kitobxonlik madaniyati, qizlarning ilmli bo‘lishi kabi masalalarning oq va qora tomonlari ham romanda o‘z ifodasini topgan. Muallifning mahorati shu qadarki, u o‘tgan kunlar orqali kelajakka go‘yo video qo‘llanma-dars tayyorlagan. Chunki asarni o‘qigan kishi xuddi bir davrni tasmada kuzatgandek bo‘ladi. Bundan tashqari, biz yuqorida bot-bot ta’kidlagan, bugungi kunda biz izlayotgan qadriyatlarimiz ham aynan “O‘tkan kunlar” romanidadir.
Sherbek Islomov, O‘zA