Xalqaro Turon federatsiyasi va Alfraganus University o‘rtasida memorandum imzolandi
AQSHning Nyu-York shahridagi mashhur SUMMIT One Vanderbilt majmuasida Xalqaro Turon federatsiyasi (International Turon Federation — ITF) hamda O‘zbekistondagi Alfraganus University o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu muhim hujjat milliy sportimizni ilmiy va akademik asosda rivojlantirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda Alfraganus University rektori Azizjon Ismoilov, Xalqaro Turon federatsiyasi prezidenti Farrux Niyazimbetov, ITF vitse-prezidenti Ravshanbek Almatov, «Vatan» Nyu-York jamiyati raisi o‘rinbosari Fotima Muqimova, shuningdek, bloger Otabek Mahkamov ishtirok etdi.
Hujjatda Turon sporti bo‘yicha professional kadrlarni tayyorlashning mustahkam akademik asoslarini yaratish bosh maqsad qilib belgilandi. Hamkorlikning eng asosiy va salmoqli yo‘nalishlaridan biri, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab Alfraganus Universityda Turon sporti bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tashkil etishdir. Mazkur yangi yo‘nalish orqali O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida Turon bo‘yicha malakali mutaxassislar, professional murabbiylar va hakamlar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Tomonlar bakalavriatning dasturining o‘quv-rejasi, o‘quv-uslubiy hujjatlari va baholash mezonlarini birgalikda ishlab chiqadi.
Shuningdek, o‘quv dasturining Turon texnikasi, sport qoidalari, mashg‘ulot metodikasi, hakamlik va musobaqalarni tashkil etishga oid professional qismi ITFning rasmiy hujjatlari asosida yaratiladi. Federatsiya o‘z navbatida tegishli professor-o‘qituvchilarni tayyorlash va sertifikatlash, zarur uslubiy adabiyotlar hamda audiovizual materiallarni taqdim etishda bevosita ishtirok etadi.

Mazkur loyihani amalga oshirish bosqichlari ham aniq belgilab olingan bo‘lib, 2026-yil dekabr oyida qo‘shma ishchi guruh tuzish va dastur konsepsiyasini rasman tasdiqlash, 2027-yil davomida zarur akademik va tashkiliy jarayonlarni yakuniga yetkazish, professor-o‘qituvchilarni tayyorlash hamda sertifikatlash, shuningdek, 2027-yil sentabr oyida ilk talabalarni o‘qishga qabul qilishni boshlash rejalashtirilgan.
Hamkorlik doirasi faqat ta’lim jarayoni bilan cheklanib qolmaydi. Universitetda Turon seksiyasini ochish, fanning tarixi, metodikasi, biomexanikasi va pedagogikasi bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini nufuzli ilmiy nashrlarda e’lon qilish rejalashtirilgan. Xalqaro Turon Federatsiyasi har o‘quv yilida universitetning kamida 5 nafar professor-o‘qituvchisi va 10 nafar talabasini bepul o‘qitish hamda sertifikatlashni, shuningdek, universitetda maxsus kurslar, seminarlar va mahorat darslarini o‘tkazishni o‘z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, o‘quv dargohida Turon sportiga bag‘ishlangan yillik qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Memorandumga ko‘ra, Alfraganus University bazasida Turon sporti bo‘yicha murabbiy va hakamlarni tayyorlash hamda sertifikatlash markazi tashkil etiladi. Kelajakda mazkur markaz nafaqat O‘zbekiston, balki ITFga a’zo xorijiy davlatlarning milliy federatsiyalari va delegatsiyalari uchun ham nufuzli xalqaro o‘quv-metodik baza bo‘lib xizmat qiladi.
Nyu-Yorkda erishilgan mazkur kelishuv milliy sport, oliy ta’lim va xalqaro hamkorlikni o‘zaro mustahkam bog‘lagan holda, Turon sportining ilmiy va akademik kelajagini ta’minlashda tarixiy qadam bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA