Bitiruvchilar o‘z biznesini boshlaydi
Yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etishga yo‘naltirilgan “Mening biznes g‘oyam”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam” loyihalarida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari faol ishtirok etmoqda.
Kollejni bitirayotgan Javlonning maqsadi aniq. U qog‘ozni qayta ishlovchi korxona ochish niyatida. Lekin biznes-reja tuzish, bankdan imtiyozli kredit olishning yo‘l-yo‘rig‘ini bilmasdi. O‘zi o‘qiydigan Mirobod yengil sanoat va servis kasb-hunar kollejida “Bo‘lajak tadbirkor – kelajakka poydevor” mavzuida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda qatnashib, ishni nimadan boshlash kerakligini bilib oldi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Mirobod tumani kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirdaPrezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, tashabbuskor yoshlarni ushbu sohaga keng jalb etishga keng imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarda muhim dastur bo‘lmoqda.
Yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etishga yo‘naltirilgan “Mening biznes g‘oyam”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam” loyihalarida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari faol ishtirok etmoqda. Ishbilarmonlar, bank mutaxassislari ishtirokida tashkil etilayotgan uchrashuvlar, seminar-treninglar yoshlarning tadbirkorlik haqidagi bilimlarini boyitishga xizmat qilmoqda.
– Qog‘ozni qayta ishlab, mahsulotlarni qadoqlashga mo‘ljallangan kartonlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganman, – deydi Javlon Bakirov. – Mazkur seminarda bankdan kredit olish va tadbirkorlikni nimadan boshlash kerakligi bo‘yicha bilim va tushunchalarimizni boyitdik. Bu o‘z maqsadimiz sari yanada dadil intilishga undaydi.
O‘quv-seminarda kollej bitiruvchilari “Mening biznes g‘oyam”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihalari va ularda ishtirok etish shartlari haqida ham ma’lumotga ega bo‘ldi.