Birodar shaharlar rahbarlari Samarqandda yig‘ildi
Samarqand shahrida ilk bor birodar shaharlar xalqaro forumi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, Birodar shaharlar alyansi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar mas’ullari, mahalliy va xorijlik ekspertlar, birodar shaharlar rahbarlari, biznes hamjamiyati hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.

Forum “Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bilan o‘z ishini boshladi.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev, viloyat hokimi Adiz Boboyev va boshqalar so‘zga chiqib, yurtimizda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur xalqaro forum dunyoning turli shaharlari bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, turizm va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Bugungi kunda shaharlar iqtisodiy taraqqiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, turizm va madaniy almashinuvning muhim markazlariga aylanmoqda. Nufuzli anjuman dunyoning turli mamlakatlari va shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, xalq diplomatiyasini rivojlantirish hamda o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.


Forum doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, B2B va B2G uchrashuvlari, investitsiya taqdimotlari, ko‘rgazmalar hamda hamkorlik bitimlarini imzolash marosimlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari