Bir loyiha ortidagi katta imkoniyat
Kambag‘al oilalardagi ishsiz ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan yangi loyiha start oldi. "Orasta ayol" tashabbusi ularga nafaqat kasb, balki barqaror daromad manbaini yaratishga yordam beradi.
“Orasta ayol” loyihasi - shunchaki kasb emas, balki yangi hayot sari qadam. Ba’zi loyihalar bir qarashda oddiy ko‘rinadi, ammo ularning zamirida katta maqsad, puxta reja va yuksak mas’uliyat yotadi. Ushbu tashabbusi ham xuddi shunday. Loyiha xotin-qizlarni sartaroshlik va go‘zallik xizmatlariga o‘qitish, ularning xonadonida “uy-salon” tashkil etish hamda zarur jihozlar bilan ta’minlashdek ko‘rinsa-da, aslida bundan ancha teranroq maqsadga xizmat qiladi. Gap ijtimoiy reyestrga kiritilgan kambag‘al oilalardagi ishsiz ayollarning o‘z kasbiga, doimiy mijozlariga va eng muhimi, shaxsiy daromad manbaiga ega bo‘lishi haqida ketmoqda.
Bugun kasbi va daromadi bo‘lmagan ayol ertaga o‘z xonadonida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ya olishi mumkin. Buning uchun u avval kasb sirlarini o‘rganadi, amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi, zarur sharoit va asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi. Keyin esa o‘z faoliyatini qonuniy asosda boshlab, daromad topishga, hatto yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham qodir bo‘ladi. Loyihaning asl mohiyati ham shu – shunchaki yordam berish emas, balki insonning o‘zi mustaqil daromad topishi uchun keng imkoniyat yaratish.

"Bu qanday amalga oshiriladi?"
Loyiha doirasida xotin-qizlar uchun ikki oylik vaucher asosida kasbiy kurslar tashkil etiladi. Ularning xonadonlarida xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish, zarur professional jihozlar ajratish va faoliyatni yo‘lga qo‘yishga ko‘mak beriladi. Faoliyat boshlanganidan keyin ham ishtirokchilar maslahat va mentorlik yordami bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Bu shunchaki alohida chora-tadbirlar emas, balki yagona maqsadga xizmat qiladigan tizim: kasb + ish joyi + asbob-uskuna + rasmiy faoliyat + keyingi ko‘mak.
Loyihaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 350 ta “uy-salon” tashkil etish rejalashtirilgan. Amalga oshirish muddati 2026-yil mart oyidan 2027-yil martgacha bo‘lib, uning umumiy qiymati 14.8 milliard so‘m etib belgilangan.

– Menimcha, bu loyihaning eng muhim jihati raqamlardagina emas, – deydi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi va axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova. – Uning ortida kasb o‘rganayotgan ayol, o‘z daromadini topish imkoniyatiga ega bo‘layotgan oila va mahallada shakllanayotgan yangi muhit turibdi. Chunki, kambag‘allikni qisqartirish faqat bugungi ehtiyojni qoplash emas, balki ertangi kun uchun doimiy daromad manbaini yaratish hamdir.
Qayd etilganidek, “Orasta ayol” loyihasining asosiy maqsadi xotin-qizlarga o‘z mehnati bilan oyoqqa turish, iqtisodiy mustaqillikka erishish va oilasi farovonligiga hissa qo‘shishda ko‘maklashishdan iborat. Zero, katta o‘zgarishlar ba’zan bir xonadonda, bir kasb va birinchi mijozdan boshlanadi.

Mazkur tashabbus ayollarning o‘z mehnati bilan oyoqqa turishi, oila farovonligiga hissa qo‘shishi va jamiyatda yangi ijtimoiy muhit shakllanishi uchun muhim poydevor yaratadi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA