Davlat tili taraqqiyotida muhim qadam
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonunning imzolanishi davlat tili taraqqiyotidagi muhim voqea bo‘ldi.
Mazkur o‘zgarishlarning ahamiyati va mazmun-mohiyati haqida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Islomjon Qo‘chqorov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonunning qabul qilinishi chinakam tarixiy voqea bo‘ldi. Zero, alifboni takomillashtirish ayrim harflarning shaklini o‘zgartirish emas, balki o‘zbek tilining zamonaviy imkoniyatlarini kengaytirish, uning raqamli makondagi o‘rnini mustahkamlash va davlat tilidan foydalanishdagi ayrim amaliy muammolarni bartaraf etishga qaratilgan muhim qadamdir.

Amaldagi yozuvdagi Ö, Ğ, Ş va Ç harflarining joriy etilishi, shuningdek, alifbo tarkibining takomillashtirilishi yozuv tizimini yaxlitlash va undan foydalanishni qulaylashtirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, bugun axborot texnologiyalari, elektron hujjat aylanishi, ma’lumotlar bazalari va sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan bir sharoitda alifboning texnik jihatdan qulayligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, bu nima uchun muhim?
Birinchidan, yozuvdagi noqulayliklarni bartaraf etish va yagona me’yorni mustahkamlash uchun. Alifboning takomillashtirilishi o‘zbek tilidagi matnlarni tayyorlash, qayta ishlash va raqamli tizimlarda saqlash jarayonlarini soddalashtirish uchun imkoniyat yaratadi.
Ikkinchidan, davlat tilining raqamli imkoniyatlarini kengaytirish uchun. Bugun tilning taraqqiyoti uning kompyuter, smartfon, qidiruv tizimlari, elektron davlat xizmatlari va sun’iy intellekt texnologiyalarida qay darajada qo‘llanilishi bilan ham belgilanadi. O‘zbek tili zamonaviy texnologiyalar uchun ham qulay va to‘laqonli ishlaydigan tilga aylanishi zarur.
Uchinchidan, davlat tili nufuzini oshirish uchun. O‘zbek tili faqat kundalik muloqot tili bo‘lib qolmasligi kerak. U davlat boshqaruvi, ilm-fan, ta’lim, iqtisodiyot va zamonaviy texnologiyalarning ham to‘laqonli tili sifatida rivojlanishi lozim. Alifboni takomillashtirish ana shu maqsadlarga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan muhim qadamlardan biridir.
Albatta, har qanday islohotning samarasi uning maqsadi qanchalik to‘g‘ri belgilangani bilangina emas, balki amaliyotga qay darajada puxta va izchil tatbiq etilgani bilan ham o‘lchanadi. Shu nuqtai nazardan, yangi alifboga o‘tish jarayonida puxta tayyorgarlik, aniq tashkiliy choralar va aholi uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash muhimdir.
Ayniqsa, ta’lim muassasalari, davlat idoralari, nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari va axborot texnologiyalari sohasida yagona yondashuvni shakllantirish zarur. Yangi alifboni o‘rganish uchun qulay qo‘llanmalar, elektron lug‘atlar, imlo tekshiruvi dasturlari va boshqa raqamli vositalar yaratilishi, mavjudlari takomillashtirilishi lozim. Davlat tashkilotlari hamda fuqarolar uchun tushuntirish ishlari tizimli tashkil etilishi kerak.
Qonunning muhim jihatlaridan biri o‘tish jarayonida fuqarolar va tashkilotlarning huquq hamda manfaatlarini hisobga olishga qaratilganidir. Amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning o‘z kuchida qolishi, ayrim peshlavha va ko‘rsatkichlarni esa belgilangan tartibda bosqichma-bosqich almashtirish imkoniyatining nazarda tutilishi ortiqcha sarsongarchilik va xarajatlarning oldini olish nuqtai nazaridan to‘g‘ri yondashuvdir.
Eng muhimi, bu jarayonda islohotning maqsadini jamiyatga to‘g‘ri tushuntirish, aholida yangi alifboga nisbatan ishonchni mustahkamlash va uning amaliy afzalliklarini namoyon etish zarur. Chunki til islohoti faqat huquqiy hujjat bilan emas, balki xalqning ongli ishtiroki, ta’lim tizimining tayyorligi va davlat idoralarining mas’uliyati bilan muvaffaqiyatli amalga oshadi.
Ishonchimiz komilki, alifboni takomillashtirishga qaratilgan ushbu qonun izchil va puxta amalga oshirilsa, o‘zbek tilining raqamli makondagi imkoniyatlarini kengaytirish, yozuvdagi ayrim muammolarni bartaraf etish va davlat tilining zamonaviy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Davlat tiliga hurmat uni asrash bilangina emas, balki uni rivojlantirish, zamon talablariga moslashtirish va kelajak avlodlarga mukammal holda yetkazish bilan ham namoyon bo‘ladi. Alifboni takomillashtirish esa ana shu ezgu maqsad yo‘lidagi muhim qadamdir.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.