Narkolaboratoriya borligi ma’lum bo‘ldi
Buxoro shahrida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan yashirin narkolaboratoriya fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Jondor tumanida yashovchi 27 va 29 yoshli ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular internet orqali faoliyat yuritgan narkodo‘konda “omborchi” va “kimyogar” vazifalarini bajargan. Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uylardan birining xonadonida tashkil etilgan yashirin laboratoriyadan 6 kilogramm 650 gramm “spays” hamda giyohvandlik vositalarini tayyorlash va qadoqlashda foydalanilgan turli ashyolar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor tadbirlar davomida Kogon tumanidagi yashirin joylardan yana 4 kilogramm 200 gramm “spays” aniqlanib, musodara qilindi. Shu tariqa, noqonuniy muomaladan jami 10 kilogramm 850 gramm sintetik narkotik modda chiqarildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Mazkur holat sintetik narkotiklarni internet orqali tarqatishga ixtisoslashgan jinoiy tarmoqlarga qarshi kurashda tezkor-qidiruv tadbirlarining ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, musodara qilingan katta miqdordagi narkotik moddaning muomalaga kirib ketishining oldi olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri