Bir guruh sport va jismoniy tayyorgarlik faollari taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jismoniy tarbiya fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har o‘quv yili yakunida o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning fevral-may oylari davomida Farg‘ona viloyatida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining ixtiyoriy va maxsus talablari bosqichma-bosqich o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan viloyatda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, maktab sport klublari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda yoshlarni sportga keng jalb etish borasida samarali faoliyat olib borayotgan ta’lim xodimlari hamda sport sinovlarini muvaffaqiyatli bajargan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, 2025/2026 o‘quv yilida viloyatdagi 688 ming nafardan ortiq o‘quvchining 79 ming nafari sport klublariga qamrab olingan. Bu ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatining respublikada yetakchi hududlardan biriga aylanganini ko‘rsatmoqda.

Tadbir davomida sportni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh ta’lim xodimlari Sport vazirligining “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ko‘krak nishonlarini Farg‘ona viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Hakimov, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov topshirdi.
N. Rahmonova, O‘zA