“Yosh gvardiyachilar” harbiy-sport musobaqasi g‘oliblari kutib olindi
Yaqinda Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi”da “Yosh gvardiyachilar” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tgan edi.
Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida umumta’lim maktablarining 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan an’anaviy harbiy-vatanparvarlik musobaqasida ishtirokchilar 10 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashib, harbiy-sport sinovlari orqali o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, tezkor fikrlashi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi. Bellashuvlar saf tayyorgarligi, estafeta, harbiy ko‘nikmalar, sport mashqlari hamda intellektual bahslarni o‘z ichiga oldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ishtirok etgan To‘rtko‘l tumani 18-sonli umumta’lim maktabining “Temurbek avlodlari” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Nukus temir yo‘l vokzalida harbiy-sport musobaqasi g‘oliblari tantanali kutib olindi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov jamoa a’zolarini erishgan yuqori natijasi bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlash joizki, yoshlarda Vatanga sadoqat, jamoaviy hamjihatlik va jismoniy chiniqish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ushbu musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan 14 ta jamoa ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.