Bir asrlik hayot, bir umrlik jasorat
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida hozirda bir asrlik umr dovonidan oshgan ikki nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qiladi. Ulardan biri – Toshloq tumani Shodlik mahallasida yashovchi 104 yoshli urush faxriysi Odiljon ota Zokirovdir.
Endigina 19 yoshni qarshi olgan o‘zbek o‘g‘loni 1942-yilning kuzida yurt himoyasi uchun frontga yo‘l olgan. Jang maydonlarida bir necha bor og‘ir yaralanganiga qaramay, jasorat va matonat ko‘rsatgan. Urushda olgan jarohatlari asorati bugungacha saqlanib qolgan bo‘lsa-da, nuroniyning ruhi tetik, xotiralari esa nihoyatda ravshan.
[gallery-29239]
Berlingacha bo‘lgan mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tgan faxriy xonadonida kichik muzey tashkil etilgan. Bu yerda urush yillariga oid yodgorliklar saqlanib, yangi avlod uchun o‘ziga xos tarix darsi vazifasini o‘tamoqda. Odiljon ota yoshlarga o‘tmish haqidagi xotiralarini zavq bilan so‘zlab beradi.
Urushdan keyingi yillarda ham qishloq xo‘jaligi sohasida samarali mehnat qilgan. Markaziy Farg‘onaning cho‘l va dasht yerlarini o‘zlashtirishda, paxtachilikni rivojlantirishda otaxonning munosib hissasi bor.
Otaxon turmush o‘rtog‘i Buoisha aya bilan birgalikda 10 nafar farzandni voyaga yetkazib, ularni el-yurtga naf keltiradigan insonlar etib tarbiyaladi. Bugungi kunda esa 300 nafarga yaqin nevara va chevaralar mehri va e’tiborida umrguzaronlik qilmoqda.
Faxriy otaxon 2017-yilda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent shahriga tashrif buyurib, Prezident bilan uchrashganini katta faxr bilan esga oladi. Davlat rahbari tomonidan har yili yo‘llanayotgan tabrik va moddiy rag‘bat, shuningdek, mahalliy rahbarlarning doimiy e’tibori uning umriga umr qo‘shayotganini ta’kidlaydi.
Joriy yilda ham Prezident farmoniga muvofiq, urush qatnashchilariga 30 million so‘m miqdorida pul mukofoti ajratilgani haqidagi xabar nuroniyni beqiyos mamnun etdi. Bu kabi g‘amxo‘rlik va e’tibor, albatta, inson qadri ulug‘lanayotganining yana bir yorqin ifodasidir.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA