Xitoy tajribasi global oziq-ovqat xavfsizligiga qanday hissa qo‘shmoqda?
Xalqaro hamkorlik
Bugungi kunda global oziq-ovqat xavfsizligi insoniyat oldidagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Mintaqaviy mojarolar, ekstremal iqlim sharoiti, suv resurslari taqchilligi va savdo to‘siqlari jahon miqyosida oziq-ovqat ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda 673 millionga yaqin inson ochlikdan aziyat chekmoqda, 2,3 milliard aholi oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga duch kelgan, 2,6 milliard kishi esa sog‘lom ovqatlanish imkoniyatiga ega emas.
Shunday murakkab sharoitda ayrim davlatlarning qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish borasidagi tajribasi xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Xitoyning qishloq taraqqiyoti, qashshoqlikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi yutuqlari xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etilmoqda.
2025-yilda FAO tashkil etilganining 80 yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan FAO Bosh direktori yordamchisi va tashkilot Investitsiya markazi direktori Muhammad Manssuri Xitoyning Szyansi provinsiyasi qishloqlariga tashrif buyurib, qishloq taraqqiyoti tajribasi bilan tanishdi.

Mutaxassis ta’kidlashicha, FAO faoliyatining strategik ustunlari “yaxshiroq ishlab chiqarish, yaxshiroq oziqlanish, yaxshiroq atrof-muhit va yaxshiroq hayot – hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyillariga asoslanadi. Uning fikricha, Xitoy qishloqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar aynan shu yo‘nalishlarga to‘liq mos keladi.
– Szyansi provinsiyasida qishloq hududlarini transformatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bizda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda an’ana va innovatsiya o‘zaro uyg‘unlashgan. Har bir an’ana bir vaqtlar innovatsiya bo‘lgani kabi, bugungi yangiliklar ham kelajakda an’anaga aylanadi, – dedi Muhammad Manssuri.
Uning qayd etishicha, Xitoy tajribasining muhim jihatlaridan biri davlat va mahalliy boshqaruv organlarining faol ishtirokidir. Davlat nafaqat infratuzilma va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qo‘llab-quvvatlamoqda, balki rivojlanish natijalari fermerlar va kooperativlarga yetib borishini ta’minlamoqda.
Mutaxassis ikkinchi muhim omil sifatida qishloq aholisining tadbirkorlik faolligini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan ko‘plab muvaffaqiyatli tadbirkorlar aynan qishloq joylaridan yetishib chiqqan.
– Xitoy tajribasining ahamiyati uni tayyor model sifatida ko‘chirishda emas, balki muvaffaqiyat omillarini samarali uyg‘unlashtira olganidadir. Bozorga chiqish, texnologiya, raqamlashtirish, infratuzilma, inson kapitali va adolatli boshqaruv kabi omillar milliy sharoitdan kelib chiqib integratsiya qilingan, – dedi FAO vakili.
Muhammad Manssuri inson kapitaliga sarmoya kiritish qishloq taraqqiyotining asosiy sharti ekanini ham ta’kidladi. Uning fikricha, ta’lim, kasb-hunar ko‘nikmalari, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari qishloq aholisi samaradorligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bugun Xitoyda fermerlar va kooperativlar elektron tijorat, onlayn translyatsiyalar va raqamli platformalar orqali mahsulot sotish tizimini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu esa nafaqat daromadlarni ko‘paytirish, balki mahsulotlarni bozorga tez va samarali yetkazish imkonini ham bermoqda.
Mutaxassislar fikricha, Xitoyning qashshoqlikka qarshi kurashdagi yutuqlari alohida e’tiborga loyiq. Mamlakat 2020-yilda mutlaq qashshoqlikni bartaraf etganini e’lon qildi. Bu esa BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan 2030-yillik muddatdan ancha oldin amalga oshirildi.
Shuningdek, mamlakatda don, go‘sht, tuxum, sut mahsulotlari, meva-sabzavot va suv bioresurslari ishlab chiqarish hajmi izchil oshib bormoqda. Bu natijalar ichki bozor barqarorligini ta’minlash bilan birga, Xitoyga xalqaro miqyosda ham o‘z tajribasini ulashish imkonini bermoqda.
Ta’kidlash joizki, bugun O‘zbekistonda ham qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq hududlarini kompleks rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda sohada raqamli texnologiyalar, suv tejovchi tizimlar, agroklasterlar va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonlarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi amaliy hamkorlik ham tobora mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, agrotexnologiyalar, urug‘chilik, agrologistika va kadrlar tayyorlash sohalarida qo‘shma loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barcha davlatlarning umumiy vazifasi hisoblanadi. Shu ma’noda, Xitoyning qishloq taraqqiyoti va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi tajribasi nafaqat milliy rivojlanish modeli, balki xalqaro hamkorlik uchun ham muhim amaliy ahamiyatga ega.
Nilufar Bozorova, O‘zA