Yevroosiyo taraqqiyot banki Xorijiy investorlar kengashi tarkibiga kirdi
Xorijiy investorlar kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat organi bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatimizning investitsiyaviy muhitini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan.
Kengash tarkibiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, IFC kabi yetakchi xalqaro moliya institutlari hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yirik xorijiy kompaniyalar kiradi.
Yevroosiyo taraqqiyot banki boshqaruv raisi Nikolay Podguzovning qayd etishicha, bankning Kengashga qo‘shilishi uning Markaziy Osiyo iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rnining e’tirofidir.
– Xalqaro biznes hamjamiyatining yurtingizga nisbatan qiziqishi ortib borayotganini guvohi bo‘lyapmiz. Shu bois, investorlar va davlat o‘rtasidagi muloqotda faol ishtirok etib, O‘zbekistonning investitsiyalarni jalb qilish salohiyatini oshirishga, bu borada o‘z tajribamiz bilan bo‘lishishga tayyormiz, – dedi N.Podguzov.
Ma’lumot uchun, Yevroosiyo taraqqiyot banki 20 yildan buyon iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish, a’zo mamlakatlarni har tomonlama rivojlantirishga ko‘maklashib kelmoqda. 2025-yil dekabr oyi holatiga ko‘ra, bank portfeli umumiy miqdori 19,6 milliard dollarlik 326 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Loyihalarning asosiy qismi transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalarida amalga oshirilmoqda. Bank o‘z faoliyatida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va ESG tamoyillariga tayanadi.
Bugungi kunda bank 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan strategiya doirasida suv-energetika, transport va tovar yetkazib berish sohalarida 3 ta yirik loyihani amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga 2025-yilda qo‘shilib, ushbu moliyaviy tuzilmaga a’zo bo‘lgan yettinchi davlat bo‘ldi.
Aziza Alimova, O‘zA