“Uzbekistan Coatings Show”: 70 dan ortiq kompaniya o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda
Bugun Toshkent shahrida lak-bo‘yoq materiallari va qoplamalar sanoatiga bag‘ishlangan “Uzbekistan Coatings Show” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Xalqaro ko‘rgazmada 10 ta mamlakatdan 70 dan ortiq kompaniya ishtirok etib, lak-bo‘yoq mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo, zamonaviy uskunalar, texnologik yechimlar hamda yangi mahsulotlarini taqdim etyapti. Tadbir davomida 3000 ga yaqin tashrif buyuruvchilarga sohadagi so‘nggi ishlanmalar bilan tanishish imkoniyati yaratilgan.

Ko‘rgazmada mahalliy va xorijiy kompaniyalar, ishlab chiqaruvchilar hamda tadbirkorlar ishtirok etmoqda. Ular o‘rtasidagi muloqotlarda lak-bo‘yoq sanoatida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Tadbirda “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi va jamiyat mutaxassislari ham ishtirok etib, ko‘rgazma ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Kompaniyalar va ishlab chiqaruvchilar vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda sohadagi texnologik yangiliklar, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Jamiyat axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rgazma dasturidan biznes-konferensiyalar, panel sessiyalari, mahorat darslari hamda B2B uchrashuvlar ham o‘rin olgan. Ularda lak-bo‘yoq sanoatining bugungi holati va istiqbollari, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, mahsulot sifatini oshirish hamda yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, "Uzbekistan Coatings Show" xalqaro ko‘rgazmasi ertaga o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA