O‘zbekiston – Koreya: agrar sohada yangi loyihalarga start beriladi
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish va zamonaviy bilimlarga ega kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi hamkorlik loyihalari belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida agrar sohadagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, Koreya qishloq hududlari korporatsiyasining (KRC) Global loyihalar ofisi bosh direktori Kvon Yung-Jun bilan muzokaralarda O‘zbekiston–KRC ishchi guruhini tashkil etishga kelishildi. Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, tuproq unumdorligini oshirish va “aqlli” chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha grant loyihalarini ishlab chiqish belgilandi. Tomonlar o‘rtasida Anglashuv memorandumi almashildi.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. “Yashil iqlim jamg‘armasi” (GCF)ning Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqasi departamenti direktori Tomas Erikson bilan agrar sohada iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish va unga moslashish uchun Jamg‘armaning grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Zamonaviy issiqxona majmualarini tashkil etish bo‘yicha ham aniq rejalar belgilandi. “KIDL Co., Ltd.” kompaniyasi rahbari Kim Je Yon bilan Xorazm va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati muhokama qilinib, ularni jadallashtirish choralari belgilab olindi.
Hamkorlik eksport yo‘nalishini ham qamrab oladi. “Sungshin L&P, Inc.” kompaniyasining xalqaro marketing departamenti direktori Erik Shin bilan O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini Koreya bozoriga eksport qilish, shuningdek, dengiz mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha Koreyaning ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonga olib kirish masalalari kelishib olindi.
Agrar sohada kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Dankook International Cooperation on Agriculture” kompaniyasi prezidenti Li Don Jin bilan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida uzoq va qisqa muddatli o‘quv kurslari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik bitimi almashildi.
Shu tariqa, O‘zbekiston–Koreya agrar hamkorligi faqat investitsiya va texnologiyalar bilan cheklanib qolmay, suv tejamkorligi, iqlimga moslashuv, zamonaviy issiqxona xo‘jaligi, eksport, oziq-ovqat sanoati va kadrlar tayyorlash kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olmoqda.
Yangi kelishuvlar qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va sohaning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA