Bilim va notiqlik bellashuvida g‘oliblar aniqlandi
Sirdaryo viloyatida yoshlarning huquqiy savodxonligi, mantiqiy tafakkuri va notiqlik mahoratini namoyon etishga qaratilgan «Adolat debati» loyihasining viloyat bosqichi yakunlandi. Bellashuvda jamoalar bilim, mantiq va asosli dalillar orqali o‘z salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.
Viloyat Yoshlar markazida o‘tkazilgan tadbir Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi, Adliya boshqarmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Guliston davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi.


Bellashuv ishtirokchilari «Sun’iy intellekt sudyalarning o‘rnini egallasa, adolat yanada mukammal bo‘ladimi?» mavzusida bahs olib bordilar. Ular sun’iy intellektning odil sudlov tizimidagi imkoniyatlari, inson omilining ahamiyati, xolislik va adolat mezonlari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, huquqiy asoslar hamda mantiqiy dalillar bilan pozitsiyalarini himoya qildilar.

Qizg‘in bahs-munozaralar yoshlarning mustaqil fikrlash, tahlil qilish, o‘z qarashlarini ishonchli bayon etish va jamoada hamkorlikda ishlash ko‘nikmalarini namoyon etish uchun muhim maydon bo‘ldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, «Navro‘z» jamoasi birinchi o‘rinni egallab, birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. «Tamal» jamoasi ikkinchi, «Yoshlar» jamoasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, tegishli darajadagi diplomlarni qo‘lga kiritdi.

Tadbir doirasida «Adolat debati» loyihasi guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Sirdaryo viloyati koordinatorlari hududiy ishchi guruh tomonidan suhbat asosida ishtirokchilar orasidan saralab olindi. Ularga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tayyorlangan maxsus ko‘krak nishonlari va sertifikatlar topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri