“Besh tashabbus olimpiadasi” Respublika bosqichiga start berildi
Namanganda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiluvchi "Besh tashabbus olimpiadasi" Respublika bosqichi bellashuvlari boshlandi. Kitobxonlik, madaniyat va san’at, intellektual o‘yinlar, axborot texnologiyalari, sport turlari bo‘yicha 14 ta yo‘nalishni o‘z ichiga olgan “Besh tashabbus olimpiadasi” Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Beshta muhim tashabbus g‘oyalarini amalga oshirishga qaratilib, “Mahalla-sektor-tuman-viloyat” bosqichlari barcha hududlarda ko‘tarinki ruhda uyushtirildi.
Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismonan chiniqtirish, ularning sport turlari borasidagi qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni hozirlash maqsadida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi shafeligida tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpidasi”ning Respublika bosqichi stol tennisi o‘yinlari bilan boshlandi.
Viloyat markazidagi “Pahlavon” sport majmuasi mezbonligida kechgan musobaqalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridan saralangan, hududiy bosqichlarda g‘olib chiqqan 84 nafar o‘g‘il-qiz uchta yosh toifasi (16-21, 21-26 va 27-30) bo‘yicha kuch sinashmoqda.
[gallery-9742]
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning stol tennisi bellashuvlarida mamlakatimiz bo‘ylab hozirgi bosqichga qadar 434 ming 200ga yaqin havaskor sportchi yoshlar ishtirok etgan, Ularning 151 ming 400ga yaqini qizlar ekanligi e’tiborlidir.
– “Besh tashabbus olimpiadasi”ning Respublika bosqichiga 7 oylik farzandim bilan ishtirok etyaman. Musobaqaning mahalla, sektor, tuman va viloyat bosqichlarida faxrli birinchi o‘rinni egalladim. Hal qiluvchi final o‘yinlarida ham muvaffaqiyatimni davom ettirish uchun astoydil urinib ko‘raman, – deydi Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidan ishtirokchi Hilola Ziyoyeva. – Sportga oshno bo‘lish uchun astoyil xohish bo‘lsa, bas. Oldingizda turgan to‘siqlar o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi. Meni yaqindan qo‘llab kelayotgan ota-onam va turmush o‘rtog‘imdan behad minnatdorman. Tengdoshlarimni ham jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga chorlab qolaman.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning Respublika bosqichining barcha g‘oliblari qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlanadi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.