Bekatda vorkaut maydonchasi tashkil etildi
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi avtomobil bozori yaqinida joylashgan va 12 ta avtobus yo‘nalishi o‘tadigan bekatda vorkaut maydonchasi tashkil etildi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashabbusi bilan bekat maydoni qisqa muddatli jismoniy mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan unsurlar bilan to‘ldirildi. Bunday yondashuv aholining qulayligi, salomatligi va kundalik farovonligi uchun ham muhim hisoblanadi.
Endi yo‘lovchilar avtobus kutish vaqtidan yengil mashqlar, tortilish yoki oddiy jismoniy harakatlar uchun foydalanishlari mumkin. Bu esa sportni odatiy shahar qatnoviga — ishga, o‘qishga yoki uyga ketish yo‘liga yaqinlashtiradi.
Bunday yechimlar boshqa shaharlarda ham uchraydi. Jumladan, Seul, Pekin, Singapur, Parij, Bogota va Kalida avtobus pavilonlari turniklar, zinapoyalar va boshqa sport anjomlari bilan jihozlangan kichik faollik hududlariga aylantirilgan. Ularning g‘oyasi oddiy — harakat kundalik hayotning tabiiy bir qismiga aylanishi mumkin.
Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, shahar uchun bunday bekat jamoat transporti atrofida yanada qulay muhit yaratish yo‘lidagi yana bir qadamdir. Avtobuslarga ustuvorlik berish nafaqat yo‘nalishlar, yo‘laklar va yangilangan bekat majmualarini, balki kutish jarayonining sifatini ham anglatadi: xavfsizlik, qulaylik, ochiqlik va aholi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar.
Bunday ob’ektlar aniq manzillarda — avvalo aholi zich joylashgan hududlar, serqatnov yo‘nalishlar tarmog‘iga ega bekatlar hamda kutish va faollik hududlarini xavfsiz ajratish uchun yetarli joy mavjud bo‘lgan yerlarda o‘rnatiladi.
Asosiy shartlar xavfsizlik, yo‘lovchilar uchun qulaylik, mustahkam konstruksiyalar, muntazam texnik xizmat ko‘rsatish hamda jamoat transporti va piyodalar harakatiga xalaqit qilmaslikdir.
Shuni eslatib o‘tish joizki, jamoat transportiga ustuvorlik berish poytaxt hokimligining asosiy vazifasi bo‘lib, bu ish nafaqat yangi yo‘nalishlar va yo‘laklarni, balki bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA