Bandlikka manzilli yechimlar izlanmoqda
Poytaxtimizda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan Migratsiya agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda bir qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida mehnat migratsiyasida yurgan, xorijdan qaytgan, ish bilan band bo‘lmagan va ish qidirayotgan xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Mazkur ochiq muloqot xorijda yurgan va qaytib kelgan opa-singillarimiz bilan yuzma-yuz suhbatlashish, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Muloqotda bandlik, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir murojaatlar tegishli mutasaddilar bilan bevosita muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mehnat migratsiyasidan qaytgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash masalasi alohida e’tibor va manzilli yondashuvni talab etadi. Ochiq muloqot dasturiga kiritilgan murojaatlar ham turli hayotiy vaziyatlarni aks ettiradi. Xorijda ishlab chiqarish, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat qilgan, muayyan kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan ayollar bugun o‘z yurtida barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishni istaydi.
[gallery-32201]
Ayni paytda xorijda mehnat qilayotgan ayrim yurtdoshlarimizga ham munosib ish o‘rni topish imkoniyati yaratilsa, ular Vatanga qaytish niyatida. Bu esa mavjud kasbiy salohiyatdan samarali foydalanish, xotin-qizlarning ehtiyoj va imkoniyatlariga mos bandlik choralarini belgilash, ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Xorijdan qaytayotgan xotin-qizlar sonining ortishi ularning bandligini ta’minlash masalasiga yanada jiddiy va manzilli yondashishni talab etmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–sentabr oylarida xorijdan 86 ming 804 nafar xotin-qiz qaytgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 202 ming 631 nafarga yetgan. Bir yil ichidagi o‘sish 115 ming 827 nafarni tashkil etib, chet eldan qaytgan xotin-qizlar soni 2,3 baravar ko‘paygan. Bu holat mehnat bozoriga qayta kirish, kasbiy moslashuv va doimiy bandlik masalalariga yanada manzilli yondashishni talab qilmoqda.
Shu maqsadda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan 19,2 million nafar xotin-qizni qamrab oluvchi yagona “Xotin-qizlar balansi”ni shakllantirish ishlari davom etmoqda. Uning asosida har bir ayolning bandlik holati, ijtimoiy sharoiti, ehtiyojlarini hamda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarini aniqlash, individual yondashuvni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Yagona platforma orqali kim ishga joylashgani, kim kasb-hunarga o‘qitilgani, tadbirkorlikka jalb etilgani va qaysi murojaat hali yechimini kutayotganini kuzatib borish imkoniyati mavjud. Muloqotning asosiy jihatlaridan biri – muammolarni tegishli masalalar bilan bevosita shug‘ullanuvchi tashkilotlar vakillari ishtirokida ko‘rib chiqish.
Konstruktiv ruhda o‘tgan ochiq muloqotda xorijdan qaytgan xotin-qizlarni ularning kasbiy tajribasi va malakasiga mos ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ularni talab yuqori bo‘lgan kasblarga qayta tayyorlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, tikuvchilik, pazandachilik, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda muayyan tajribaga ega bo‘lsa-da, doimiy ish topishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan ayollarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida bildirilgan murojaatlarni tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida o‘rganish, mavjud muammolarning amaliy yechimlarini ishlab chiqish hamda har bir xotin-qizning kasbiy salohiyati, oilaviy sharoiti va ehtiyojidan kelib chiqib, manzilli yordam ko‘rsatish masalalariga ustuvor ahamiyat berildi.
Ayniqsa, mehnat migratsiyasidan qaytgan ayollarning orttirgan tajribasidan samarali foydalanish, ularning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish va iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Gulnoza Boboyeva,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA