Bandlik va tadbirkorlik yarmarkasi o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishga bag‘ishlangan yirik mehnat va tadbirkorlik yarmarkasi tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev ishtirok etib, aholi, shu jumladan yoshlar bandligini ta’minlashda mazkur tadbirning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda aholi bandligini ta’minlash va ularning daromadlarini oshirishga, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan faqat Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan farmon va qarorlar bu boradagi chora-tadbirlarga mustahkam asos bo‘lmoqda. Ana shu asosda tadbirkorlikni uy sharoitida rivojlantirish maqsadida har bir oilaga taqdim etilayotgan imtiyozlar ularga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Xususan, “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Shuningdek, og‘ir hududga kiritilgan Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlarida, shu bilan birga, 102 ta og‘ir toifadagi mahallada o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishni xohlovchi fuqarolarga 12 foizlik imtiyozli kredit berilmoqda.
[gallery-30058]
Qolaversa, joriy yilda joylarda drayver loyihalarni amalga oshirish uchun 76,7 milliard so‘mlik infratuzilma qurilib, sharoitlar yaratilmoqda, Bundan tashqari, mahallalarda xonadonma-xonadon xatlov natijasida aniqlangan yoshlarga o‘zini o‘zi band qilish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun zarur asbob-uskunalar topshirilmoqda.
Yarmarkaning asosiy maqsadi ishsiz fuqarolarni mutaxassisligiga mos doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ish beruvchi korxona-tashkilotlar bilan ish qidirayotgan fuqarolar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq-oshkora aloqa o‘rnatish, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolarga ko‘maklashishdan iboratdir.
Shuningdek, ishsiz fuqarolarga, shu jumladan yoshlarga o‘zini o‘zi band qilish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun 500 dan ortiq zarur asbob-uskuna, qolaversa, tijorat banklari tomonidan uy sharoitida biznes boshlash uchun imtiyozli kredit paketlari taqdim etildi.
Tadbirga tashrif buyurgan yoshlar o‘z biznesini boshlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy asbob-uskunalar va mehnat qurollarining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, maxsus pavilonda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolarga tijorat banklari vakillari tomonidan imtiyozli kreditlar va davlat subsidiyalarini olish tartibi bo‘yicha ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi orqali ishtirokchilarga mehnat bozoridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etilib, ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mahalliy korxonalarda bandligini ta’minlash va xorijda qonuniy mehnat faoliyatini tashkil etish imkoniyatlari bo‘yicha soha mutaxassislaridan zarur taklif va maslahatlar olindi.
– Mehnat yarmarkasida shahar va tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari bilan birgalikda 338 ta korxona va tashkilot o‘zlaridagi 1 ming 672 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etishdi. Tadbirda 407 nafar ishsiz fuqaroning ishtiroki ta’minlanib, ulardan 161 nafari doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanma olishdi. Shuningdek, 43 nafari kasb-hunarga o‘qishga yuborildi va 203 nafariga huquqiy maslahat berildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Mehnat bozori tahlili, bo‘sh ish o‘rinlarini hisobini yuritish va ishga joylashtirish shu’ba mudiri Karim Codiqov.
Yarmarka doirasida yoshlarning ilmiy va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Bo‘lajak olim” ilmiy g‘oyalar tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi T. Xudoybergenov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari