"Bahrayn-2025": Yutuqlar yuqori bo‘lishida qaysi sport turlarining hissasi katta?
Bahrayn poytaxti Manama shahrida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Xabar berganimizdek, mamlakatimiz sportchi yoshlari murosasiz bahslarda 37 ta oltin, 16 ta kumush, 28 ta bronza, jami 81 ta medal bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.

Xo‘sh, tarixga aylangan III Osiyo o‘yinlarida Yangi O‘zbekiston yoshlarining yangi g‘alabalarini ta’minlashda sport turlarining o‘rni qanday bo‘ldi? Qaysi sport turlari bo‘yicha hamyurtlarimiz ustunlikka erishdi-yu, qaysi birlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yildi?
Aytish lozim, O‘zbekiston sport delegatsiyasiga eng ko‘p medallarni dzyudochilarimiz taqdim etgani e’tiborli bo‘ldi. 16 nafar yosh dzyudochi bilan qatnashgan terma jamoamiz a’zolari 14 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 8 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medali.

Sport turlari kesimida muvaffaqiyatni ta’minlashga hissa qo‘shgan O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi va O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi vakillari 13 tadan medallar shodasi bilan 2-o‘rinni egalladi.
Jahon boksida yetakchilik qilayotgan charm qo‘lqop ustalarining davomchilari bo‘lgan yoshlarimiz 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza bilan kuchli to‘rtlikka yakun yasadi.
Shuningdek, 4 ta oltin medal jamg‘argan kurashchilarimiz, 3 ta oltin, 1 ta kumush medalga ega chiqqan taekvondochilarimiz, 3 tadan oltin, kumush va bronza jamg‘argan yengil atletikachilarimiz, 2 ta oltin, 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan muay-taychilarimiz o‘zbek sportining yuksalishini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatgani e’tiborli bo‘ldi.
Biroq, yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalana olmagan ayrim sport turlaridagi ko‘rsatkichlar yutuqlarimiz yanada yuqori bo‘lishiga soya solgani ham bor gap. Bu borada mutasaddilar, mutaxassislar, tegishli federatsiyalarning vakillari tegishli xulosalarni chiqargan holda zarur choralarni ko‘radi, degan umiddamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA