Milliy sport o‘yinlari xotin-qizlarni birlashtirdi
Oqoltin tumanida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va mahallalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida «Milliy sport o‘yinlari — salomatlik va ahillik poydevori!» shiori ostida sport musobaqasi tashkil etildi.
Oqoltin tumanida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va mahallalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida «Milliy sport o‘yinlari — salomatlik va ahillik poydevori!» shiori ostida sport musobaqasi tashkil etildi.
Oqoltin tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda sport maktabi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda tumanning turli mahallalaridan 60 nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirok etdi. Musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki ishtirokchilarning o‘zaro muloqoti, tajriba almashishi va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maydoniga aylandi.


Tadbirning asosiy qismi voleybol va milliy sport turlaridan biri bo‘lgan arqon tortish bo‘yicha bahslarga bag‘ishlandi. Jamoalar o‘zlarining chaqqonligi, jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy birdamligini namoyon etib, qizg‘in raqobat muhitini yuzaga keltirdi.
– Xotin-qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi nafaqat ularning salomatligini mustahkamlaydi, balki o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini oshiradi, hayotga faol munosabatini shakllantiradi. Bunday tadbirlar orqali mahallalarda sog‘lom muhit qaror topib, aholi o‘rtasida hamjihatlik va birlik tuyg‘usi yanada kuchayadi. Shu bois bu kabi musobaqalarni muntazam tashkil etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shoira Qarshiboyeva.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, voleybol bo‘yicha «Ahillik» mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. «Ko‘rkam diyor» mahallasi jamoasi ikkinchi, «Bo‘ston» mahallasi jamoasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Arqon tortish bahslarida «Ko‘rkam diyor» mahallasi jamoasi g‘olib deb topildi. «Saxovat» mahallasi jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, «Bo‘ston» va «Ahillik» mahallalari jamoalari uchinchi o‘rinni bo‘lishib oldi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Faol ishtirokchilarga ham tashakkurnoma va rag‘batlantiruvchi sovg‘alar topshirildi.
Eng muhimi, bellashuvlar davomida g‘alabadan ham muhimroq qadriyatlar — birlik, ahillik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhiti namoyon bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri