Bahodirlar Toshkentda kuch sinashmoqda
Poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish sport turi bo‘yicha Osiyo chempionati hamda jahon kubogi bosqichi davom etmoqda.
O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi va mamlakatimiz Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqada hamyurtlarimizdan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Tojikiston, Turkmaniston, Janubiy Koreya, Ukraina, Afg‘oniston, Belarus va Yaponiya davlatlaridan kelgan 400 nafarga yaqin polvon g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashmoqda.
Musobaqaning ochilishida Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov so‘zga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish kabi yangi sport turlarini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
2012 yilda Toshkent shahri ikki marta bahodirlar o‘yinlari bo‘yicha jahon kubogi bosqichiga mezbonlik qilgan bo‘lsa, 2013 yili poytaxtimizda bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi. Shuningdek, 2019 yili ochiq osmon ostidagi muzey shahar – Xivadagi Ichan qal’aning “Ko‘hna Ark” maydonida Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish bo‘yicha I xalqaro ochiq turnir hamda I Osiyo ochiq chempionati va 2020 yilda esa Qarshi shahrida O‘zbekiston kubogi hamda xalqaro ochiq turnir o‘tkazildi.
Dunyo miqyosida tobora rivojlanib va ommalashib borayotgan bahodirlar o‘yinlari musobaqalarida polvonlar o‘z vaznidan bir necha barobar og‘ir buyumlarni ko‘tarish, o‘rnidan siljitish, belgilangan masofagacha ko‘tarib borish kabi jismoniy quvvat, kuchli iroda va sabr-toqat talab qiladigan murakkab mashqlarni bajarsa, tosh ko‘tarishda turli vazndagi toshlarni belgilangan vaqtda ko‘proq ko‘targan sportchi g‘olib chiqadi.
...Ochilish marosimida chorlov sadolari ostida musobaqa ishtirokchilari sport majmuasiga kirib keldi. O‘zbekiston Respublikasi davlatimiz madhiyasi yangradi.
Eslatib o‘tamiz, 30 aprel kuni musobaqaning final bahslari o‘tkaziladi va g‘oliblar nomi aniqlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA