Bahodir Ayitov oilasi – g‘olib
Nukus shahrida “Sog‘lom oila” shiori ostida “Otam, onam va men – sportchi oila” an’anaviy sport o‘yinlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Nukus shahrida “Sog‘lom oila” shiori ostida “Otam, onam va men – sportchi oila” an’anaviy sport o‘yinlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan mazkur musobaqa aholi, ayniqsa, yosh oilalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga xizmat qilmoqda. Tadbirda oila institutini rivojlantirish, ayniqsa, yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani ta’kidlandi.
– “Otam, onam va men – sportchi oila” musobaqasi dastlab mahallalarda tashkil etilishida ham o‘ziga xos ma’no bor, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Xo‘jaboy Yelmuratov. – Mahalladoshlar mazkur musobaqada o‘z mahoratini namoyish etish barobarida o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va totuvlik fazilatlarini yanada mustahkamlaydi. Ota-onasining g‘alabaga ishtiyoqini ko‘rgan o‘g‘il-qiz o‘z irodasi, matonatini mustahkamlab boradi. Musobaqaning shahar va tuman bosqichlarida 96 jamoa o‘zaro kuch sinashdi. Ularda 2 ming 880 nafar o‘g‘il-qiz qatnashdi.
Musobaqada oilaviy jamoalar qator qiziqarli shartlar bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. Yakunda eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan To‘rtko‘l tumanidagi “Ullibog‘” ovul fuqarolar yig‘inidan Bahodir Ayitov oilasi birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Ikkinchi o‘rin Kegeyli tumani Xalqobod shaharchasidan Rustam Yesenqabulov oilasiga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Shumanay tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Nurlibek To‘ramuratov hamda Nukus tumani Samanbay ovulidan Tangotar Xudaybergenov oilasi egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.