Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligi muhokama etildi
Toshkent shahrida «Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligi: O‘zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekiston tajribasini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zaro almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Konferensiya ishi ikki asosiy sessiya doirasida tashkil etildi. Birinchi sessiyada ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat dasturlari va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki muhokama qilindi.
Shuningdek, ayollar tadbirkorligini kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash omili sifatida rivojlantirish, davlat organlari, Savdo-sanoat palatasi va jamoat tashkilotlari hamkorligining samarali mexanizmlari, yosh xotin-qizlarning liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi bo‘yicha Ozarbayjon tajribasi ham taqdim etildi.
Ikkinchi sessiya davlat organlari va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik mexanizmlariga bag‘ishlandi. Unda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik, xotin-qizlar hunarmandchiligi, to‘qimachilik sanoatida ayollar yetakchiligi, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender-inklyuziv iqtisodiy tashabbuslar, tadbirkor ayollar tashkilotlarining mintaqaviy hamkorligi hamda turkiyzabon mamlakatlar ayollari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
[gallery-30081]
Konferensiya doirasida ayollarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning biznes va liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, huquqiy, axborot va maslahat xizmatlaridan foydalanishini yaxshilash bo‘yicha amaliy takliflar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi. Shuningdek, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligini yanada takomillashtirish, milliy va xalqaro tajribalarni uyg‘unlashtirish, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi va ijtimoiy tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilgan xulosa va takliflar ishlab chiqildi.
N.Usmonova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA