Ayol huquqlari — inson qadrining mustahkam kafolati
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida bilimdon, jamiyatda o‘z o‘rniga ega xotin-qizlarni Uchinchi Renessansning o‘ziga xos timsoli sifatida baholab, “bilimli ayol — bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat” ekanini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, bilimli va o‘z huquqini yaxshi biladigan ayol nafaqat o‘z hayoti, balki oilasi, farzandlari va atrofidagi muhit taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish faqat qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlar bilan cheklanib qolmaydi. Bu masala oila tinchligi, farzand tarbiyasi, ijtimoiy adolat, inson qadri va jamiyat taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liqdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari sezilarli darajada mustahkamlandi. Gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlar uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan aniq mexanizmlar joriy etildi.
Jumladan, Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biroq qonun qabul qilinishi jarayonning yakuni emas. Aksincha, uning haqiqiy mohiyati qonun me’yorlari inson hayotida qay darajada o‘z aksini topayotgani, odamlar o‘z huquqlarini qay darajada himoyalanganini his qilayotgani bilan belgilanadi.
Bugungi kunda Toshkent viloyati aholisining 49,8 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning jamoatchilik va davlat boshqaruvidagi ishtiroki ham tobora ortib bormoqda. Xususan, mahalliy Kengashlardagi ayol deputatlar ulushining 34 foizdan oshgani xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligi yuksalayotganidan dalolat beradi. Ta’lim sohasidagi ko‘rsatkichlar ham e’tiborga molik. Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalarining qariyb 59 foizini qizlar tashkil etayotgani xotin-qizlarning bilim olishga, kasb egallashga va o‘z kelajagini mustaqil qurishga intilishi kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Zero, ayolning huquq va imkoniyatlarini ta’minlash, avvalo, uning bilim olishi va iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lishi uchun sharoit yaratishdan boshlanadi. Shu nuqtayi nazardan, iqtisodiy mustaqillik ayol huquqlarining eng muhim kafolatlaridan biridir. 2023-yilda Toshkent viloyatida 343 ming nafardan ortiq xotin-qizning bandligi ta’minlandi. “Ayollar daftari” orqali ehtiyojmand xotin-qizlarga manzilli ijtimoiy, moddiy va huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda. 2024-yil boshiga kelib, mazkur tizim orqali 89 ming 504 nafar xotin-qizga moddiy ko‘mak berildi.
Ayolga kasb-hunar o‘rgatish, uni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati uchun subsidiya yoki imtiyoz berish, zarur paytda huquqiy maslahat ko‘rsatish — bir qarashda oddiy choradek tuyulishi mumkin. Aslida esa ularning har biri muayyan inson hayotida yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin. Shu bois ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning eng muhim maqsadi ayolni doimiy yordamga muhtoj holda ushlab turish emas, balki uning o‘z kuchiga ishonishi, mustaqil qaror qabul qilishi va munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratishdan iborat bo‘lishi kerak.
Bu borada huquqiy savodxonlik ham alohida ahamiyatga ega. Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Xotin-qizlar huquqlari kafolatlari” huquqiy aksiyalari, mahallalardagi sayyor qabullar va bepul huquqiy maslahatlar aholining, ayniqsa, xotin-qizlarning o‘z huquqlarini bilishi va ulardan samarali foydalanishiga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda bu masala yanada dolzarblashadi. Bunda faqat sodir etilgan holat oqibatlarini bartaraf etish bilan cheklanmasdan, muammoning ildizini ko‘rish, oiladagi notinchlikni barvaqt aniqlash, ayolning murojaatini o‘z vaqtida eshitish, uni huquqiy, psixologik va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhim.
Ayol huquqi himoyalangan oilada farzand qo‘rquvda emas, ishonch muhitida ulg‘ayadi. Ayolning qadri ta’minlangan jamiyatda esa adolat qog‘ozdagi tushuncha bo‘lib qolmay, kundalik hayotda namoyon bo‘ladi.
Gulnora Ahmedova,
Xalq deputatlari Toshkent viloyati
Kengashi deputati,
O‘zA