Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy axborot hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib borilmoqda. Bu jarayon mamlakatimizdagi islohotlar, iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va media sohasidagi yangilanishlarning xalqaro axborot makonida qanday aks etayotganini ko‘rsatadi.
Anadolu: Turk-islom sivilizatsiyasining qadimiy markazlaridan biri – O‘zbekiston
35 yoshda

Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatning asosiy taraqqiyot ko‘rsatkichi va tashqi aloqalariga bag‘ishlangan infografika taqdim etdi.
Materialda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega yurt sifatida qayd etilgan. Shuningdek, mamlakat mineral resurs salohiyati qariyb 5,7 trillion dollarga baholanishi, respublika yiliga o‘rtacha 120 tonna oltin qazib oladigan dunyoning eng yirik 10 mamlakati qatorida ekani ta’kidlangan.
Jadvalda 1991-yil 31-avgustda mustaqillik e’lon qilingani, 2016-yil Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangani hamda 2019-yil O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shilgani kabi muhim sanalar keltirilgan.
Agentlik ikki davlat munosabatiga ham alohida to‘xtalib, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlatligi, diplomatik munosabat 1992-yil 4-martda o‘rnatilganiga urg‘u bergan. O‘zaro munosabat 2017-yil strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. O‘tgan yil savdo aylanmasi 3 milliard dollarga yetgan.
APP: O‘zbekiston – Pokiston: Do‘stlik va birodarlik navolari

APP axborot agentligi xabar berishicha, Islomobodda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston – Pokiston: Do‘stlik va birodarlik navolari” nomli maxsus madaniy konsert tashkil etilgan.
BelTA: Belarus – O‘zbekiston sherikligi yanada rivojlanadi

BelTA axborot agentligi mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga Prezident Aleksandr Lukashenko yo‘llagan tabrikni e’lon qildi.
Belarus yetakchisi mamlakat suverenitetini mustahkamlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirish yo‘lida dadil odimlayotgan O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganiga e’tibor qaratgan.
Lukashenko Minsk va Toshkent o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va o‘zaro ishonch ko‘p qirrali Belarus – O‘zbekiston hamkorligini yanada chuqurlashtirishiga ishonch bildirgan.
Italpress: Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li
mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytiradi

“Italpress” axborot agentligi Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasiga e’tibor qaratdi. Nashr yozishicha, 2026-yil 15-avgust kuni dron orqali olingan tasvirda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi Kech-Alat daryosi ustidan o‘tadigan yirik ko‘prik qurilishi aks etgan.
Xitoyni Qirg‘iziston orqali O‘zbekiston bilan bog‘laydigan mazkur temir yo‘l “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi muhim loyiha sifatida baholangan. Ushbu yo‘nalish uch davlat va xalq manfaatiga xizmat qiluvchi muhim transport yo‘lagi sifatida ta’riflangan.
Qayd etilishicha, loyiha mintaqaviy infratuzilma shakllantirish, o‘zaro savdoni rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo umumiy transport tizimini takomillashtirish yo‘lidagi dadil qadamdir.
Trend: O‘zbekiston SHHT doirasida temir yo‘l makonini uyg‘unlashtirish tarafdori

“Trend” axborot agentligi Shanxay hamkorlik tashkilotining Bishkekda o‘tkazilgan 25-yubiley sammitini yoritar ekan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan bir tashabbusni alohida ta’kidladi.
Ya’ni, davlatimiz rahbarining SHHTga a’zo davlatlar umumiy temir yo‘l makonini yaratish maqsadida maxsus Kengash tuzish taklifiga e’tibor qaratgan. Ushbu yangi platforma temir yo‘llar faoliyatini muvofiqlashtirish, milliy tarmoqlarni o‘zaro bog‘lash va tashkilot doirasida xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishga ko‘maklashishi ko‘zda tutilmoqda.
Hamkorimiz mazkur tashabbus yurtimizning tranzit salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li bilan chambarchas bog‘liq ekaniga urg‘u bergan.
D.Hakimov, O‘zA