AQSH va Eron yanabir-biriga zarba berdi (+video)
AQSH harbiylari seshanba kuni Eron hududiga zarbalarni qayta boshlaganidan so‘ng Eron ham Iroq, Iordaniya, Bahrayn va Kuvaytdagi AQSH harbiy bazalariga javob zarbalari berdi, deb xabar qildi VVS nashri.
Eron Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lum qilishicha, AQSHning raketa zarbalari oqibatida besh kishi, jumladan bir nafar bola halok bo‘lgan. Zarbalar Eron janubidagi to‘y bo‘layotgan hududga tushgan.
AQSH harbiylari talofat oqibatlaridan xabardor ekanini, ammo hech qachon qasddan tinch aholiga zarba bermasligini ma’lum qilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Amerika zarbalari Eronning Hurmuz bo‘g‘oziga yangi minalar o‘rnatish va Iordaniyadagi AQSH bazasiga sakkizta raketa bilan hujum qilishga urinishlariga javob ekanini yozdi.
Tramp, agar Eron bu safar ham javob qaytarishga qaror qilsa, unga qarshi yangi zarbalar berilishini va ular ancha kuchliroq va yuqoriroq darajada bo‘lishini aytdi.
Eron axborot agentliklari esa mintaqadagi AQSH bazalariga raketa va dronlar orqali javob zarbalari boshlanganini xabar qildi.
Eronning Tasnim agentligi ma’lum qilishicha, chorshanba kuni ertalab Eron Iordaniyadagi AQSH dengiz piyodalari bazasiga keng ko‘lamli zarbalar bergan. Iordaniya Qurolli kuchlari 13 ta ballistik raketani tutib qolganini bildirdi. Ularning 10 tasi yo‘q qilingan, uchtasi esa aholi kam yashaydigan hududlarga tushgan. Qurbonlar va yaradorlar bo‘lmagan.
Shuningdek, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Iroqning avtonom hududi bo‘lgan Kurdistondagi AQSH bazalariga ham zarba bergan. Hujum natijasida texnik xizmat ko‘rsatish markazi, omborlar va uskunalar yo‘q qilingan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MAaEv3V-aSY" title="Aqsh va Eron yana bir biriga zarba beri" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA