Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib borilmoqda. Bu jarayon nafaqat xorijiy media vakillari nuqtai nazarini, balki o‘lkamiz haqidagi haqqoniy tashqi qarashlarni ham umumlashtiradi. Shu tariqa mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, ochiq siyosati va islohotlari xalqaro axborot makonida qanday tahlil qilinayotgani haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.
“Anadolu”: O‘zbekiston turizm orqali 15 million sayyohni jalb qilishni maqsad qilgan

Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi O‘zbekiston turizm sohasini iqtisodiyotning strategik yo‘nalishidan biriga aylantirish maqsadida “to‘rt fasl turizmi” modeli asosida yirik dasturni amalga oshirayotganini yozdi. Manbaga ko‘ra, mamlakatda vizasiz tartibning kengayishi, transport va mehmonxona infratuzilmasi rivojlanishi, yangi turistik maskanlar ochilishi natijasida xorijiy sayyohlar oqimi keskin oshgan.
Xabarda qayd etilishicha, 2025-yilda O‘zbekistonga 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlar bilan birga, Chorvoq, Zomin, Chimyon va Amirsoy kabi yangi turizm hududlari ham faol rivojlantirilmoqda.
Agentlik shuningdek, Namangan xalqaro gullar festivali, Buxoro Ipak va ziravorlar festivali, milliy taomlar va palov festivali mamlakat gastronomik va madaniy turizm salohiyatini kuchaytirayotganini ta’kidlagan.
“Sinxua”: Orolbo‘yini tiklashda Xitoy tajribasi qo‘llanilmoqda

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi Orol dengizi ekologik inqirozini yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan tahliliy material e’lon qildi.
Manbada qayd etilishicha, XXR Fanlar akademiyasi qoshidagi Sinszyan ekologiya va geografiya instituti hamda Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida tashkil etilgan ilmiy markaz orqali Orolbo‘yida keng qamrovli monitoring ishlari olib borilyapti. Xususan, sho‘rlangan yerlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurash va suv resurslaridan samarali foydalanish borasida qo‘shma tadqiqot amalga oshirilmoqda.
Xabarda O‘zbekistonda saksovul, tamarisk kabi sho‘rga chidamli o‘simlik ekish maydoni 2 million gektarga yetgani, bu esa chang va tuz bo‘ronlari kamayishiga xizmat qilayotgani alohida urg‘ulangan.
“Kazinform”: O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishda davom etmoqda

Qozog‘istonning “Kazinform” axborot agentligi Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan fikrlarga e’tibor qaratdi. Ta’kidlanishicha, mamlakat iqtisodiyoti so‘nggi o‘n yilda 50 milliard dollardan 147 milliard dollargacha o‘sgan.
Manbaga ko‘ra, joriy yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 8 foizdan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
E’tiborlisi, agentlik o‘lkada keng ko‘lamli islohotlar boshlanganidan beri 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilinganini alohida qayd etgan.
“BTA”: O‘zA va Bolgariya axborot agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Qarorgohi Sofiya shahrida joylashgan Bolgariya axborot agentligi – BTA O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bilan axborot almashish sohasida memorandum imzolaganini xabar qildi. Hujjat BTA Bosh direktori Kiril Valchev va O‘zA Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov tomonidan imzolandi.
Uchrashuvda K.Valchev O‘zA Markaziy Osiyoda yetakchi davlat axborot agentliklaridan biri ekanini ta’kidlab, Bolgariya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar safida tan olgan davlatlar qatorida bo‘lganini qayd etdi.
O‘z navbatida, A.Ko‘chimov mazkur kelishuv mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy va axborot aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
“Yonhap”: O‘zbekiston va Janubiy Koreya rasmiylari iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi

Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligi Seul va Toshkent o‘rtasida muhim mineral, sun’iy intellekt va raqamli ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilinganini xabar qildi.
Manbaga ko‘ra, “Janubiy Koreya – Markaziy Osiyo” sammiti arafasida Koreya Savdo vazirligi va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. Tomonlar ta’minot zanjiri, yuqori texnologiyali sanoat va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha qo‘shma loyihani ilgari surish masalasiga alohida e’tibor qaratgan.
Dilshod Hakimov, O‘zA