O‘zbekiston va AQSH: ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH) Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlari Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keysdan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ochiq muloqot va o‘zaro ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik izchil va jadal rivojlanib borayotgani, ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Ikki davlat munosabatlarini yanada mustahkamlashda parlamentlararo muloqot muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining parlamentlararo guruhi va AQSH Kongressi o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, AQSH Kongressidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” faoliyati siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalarni tizimli rivojlantirish, parlament diplomatiyasi orqali dolzarb masalalarni muhokama etish va ularga yechim topishning samarali mexanizmlaridan biriga aylangani alohida e’tirof etildi.

Muloqotda kelgusida parlamentlararo aloqalarni yanada izchil rivojlantirish, parlament qo‘mitalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston hududlari hamda AQSH shtatlari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro manfaatli investitsiyaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.

Mehnat munosabatlari, gender tenglik va ushbu yo‘nalishlarda tajriba almashish hamda hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA