Do‘stlik va ittifoqchilikning yangi ufqlari: O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarida tarixiy burilish
Munosabat
Asrlar davomida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasini yagona ma’naviy va madaniy tomirlar, umumiy tarix hamda o‘xshash qadriyatlar bog‘lab kelgan. Bugun esa bu tomirlar zamonaviy geosiyosat va iqtisodiyotning yangi talablari asosida yanada mustahkamlanib, misli ko‘rilmagan ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilmoqda.
Xususan, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga amalga oshirgan navbatdagi davlat tashrifi nafaqat ikki tomonlama aloqalar silsilasi, balki butun mintaqalararo hamkorlik tarixida muhim va o‘chmas sahifa ochdi.
Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi, oliy mukofotlarni topshirish marosimi, qator muhim tashabbuslarning ilgari surilishi va Buxoro bo‘ylab ziyorat bu tashrifning haqiqatan ham tarixiy voqea ekanini yaqqol isbotladi.

Qolaversa, ikki mamlakat yetakchilari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari, eng avvalo, yuksak darajadagi o‘zaro ishonch va ochiqlik muhitida o‘tdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi sammitning bosh voqeasiga aylandi. Mazkur hujjat ikki qardosh xalqning kelajakka birgalikda qadam tashlash, yagona sivilizatsion kod va strategik maqsadlar atrofida jipslashish irodasini huquqiy jihatdan mustahkamladi. Yetakchilar ta’kidlaganidek, bu do‘stlik shunchaki qog‘ozda qolmaydi, balki har bir band aniq natijalar va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortdi. Biroq bu marra mavjud salohiyatning muayyan bir qismi, xolos. Sammit doirasida tomonlar tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan va 2030-yilgacha mo‘ljallangan maxsus dasturni qabul qildilar. Tashrifga tayyorgarlik ko‘rish doirasida energetika, geologiya, kimyo, qurilish, moliya va qishloq xo‘jaligi sohalarida salmoqli loyihalar to‘plami shakllantirildi.
Shu bois ham muzokaralar shunchaki nazariy kelishuvlar bilan cheklanib qolmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy harakatlarga ko‘chdi. Ikki mamlakat Prezidentlari savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi yangi yirik qo‘shma loyihalarga tantanali ravishda start berdilar. Mazkur loyihalar bank-moliya sohasidagi hamkorlik, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobillarga yoqilg‘i quyish infratuzilmasini barpo etish, yirik turistik va turar joy majmualarini qurish, mineral xomashyoni qayta ishlash hamda bog‘dorchilikni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda Qo‘shma investitsiya kompaniyasi va Investitsiya jamg‘armasi mablag‘larini faol jalb etish muhimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va logistika samaradorligini oshirish maqsadida Transkaspiy koridorini (O‘rta yo‘lak) birgalikda rivojlantirish va yuk tashuvlarini rag‘batlantirish strategik ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi. Hududlar imkoniyatlarini to‘laqonli safarbar etish uchun joriy oyda Toshkent shahri, Buxoro va Namangan viloyatlari hokimlari Ozarbayjonga tashrif buyurib, hamkorlik zaminlarini mustahkamladilar. Sammit yakunida esa Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, Urganch va Naxchivon shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatildi.
Davlat rahbarlari Yangi Toshkent hududida 40 gektar maydonda barpo etilayotgan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini tantanali ravishda ochdilar hamda Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdilar. 20 ming talabaga mo‘ljallangan ushbu muassasada zamonaviy laboratoriyalar va Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan Muzey ekspozitsiyasi tashkil etilgan. Shuningdek, Yangi Toshkentda qardoshlik ramzi sifatida “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlariga start berildi.
Shuningdek, tashrifning madaniy va ma’naviy qismi ikki mamlakat Prezidentlari va ularning rafiqalarining qadimiy Buxoro shahriga ziyorati bilan yakunlandi. Oliy martabali mehmonlarga Buxoroning Buyuk ipak yo‘lidagi islom sivilizatsiyasi, ilm-fan va shaharsozlik markazi sifatidagi ko‘p asrlik tarixi taqdim etildi.
Xulosa qilib aytganda, Ko‘ksaroy muzokaralari, Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik va Buxoroda kechgan ushbu tarixiy ikki kunlik tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari shunchaki diplomatik aloqalar emas, balki yagona ildizga, mustahkam ishonchga va umumiy kelajakka tayangan haqiqiy ittifoqchilik ekanini yana bir bor isbotladi. Sammit yakunida imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 1 milliard dollarlik savdo marrasi, 2030-yilgacha mo‘ljallangan dasturlar va qabul qilingan “yo‘l xaritasi” ikki qardosh xalqning barqaror taraqqiyoti va farovonligi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA