Avtomobilsozlik: butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati kengaymoqda
Keyingi yillarda mamlakatimizda avtomobilsozlik sanoati jadal rivojlanib bormoqda. Xususan, avtomobil ishlab chiqarish hajmi qariyb uch barobar ko‘paydi, o‘tgan yili bu boradagi raqam 460 ming donaga yetdi. Kelgusida – 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni bir milliontaga yetkazish rejalashtirilgan.
Sohada raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi. Umuman, bugun qator zavodlarda o‘nlab turdagi avtomobillar, yuk va yo‘lovchi tashish transportlari ishlab chiqarilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatida qilinayotgan ishlar, istiqboldagi rejalarga ham doimo e’tibor qaratadi. Bugungi kunda kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish masalasiga ham urg‘u berilayotgani soha rivojini yanada jonlantirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-22430]
Erishilayotgan natijalar bois tarmoqda butlovchi va ehtiyot qismlarga ham talab ortmoqda. Mamlakatimizda shu yo‘nalishdagi tadbirkorlik sub’ektlari ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlangani sababli ularning soni ortmoqda. Poytaxtimizdagi “Baner Print” korxonasi ham avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘nalishidagi yirik korxonalardan biri sanaladi.
Keyingi yillarda korxonada modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya va Turkiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologik uskunalar keltirildi. Zavod plastmassaga nikel-xrom qoplashning eng zamonaviy texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi hisoblanadi.
Bugungi kunda bu yerda yiliga 1 million dona avtomobil uchun butlovchi qismlar, nikel-xrom qoplangan komponentlar yetkazib berish quvvati mavjud. Shuningdek, 54 turdagi tayyor mahsulotlar – avtomobillar radiatorlari, yorliqlar, eshiklar uchun ochqichlar va boshqalar ishlab chiqarilmoqda. Korxonaning bir qator mahsulotlariga “UzAuto Motors”, “ADM Jizzakh” va “Uz-Koram Co” kabi yirik ishlab chiqaruvchilar buyurtmachi sanaladi.
Korxona mahsulotlari bir qator xalqaro sifat sertifikatlariga ega. Shu bois ularga xorijda ham talab katta. Korxonada 150 ta ish o‘rni yaratilgan. Xodimlar o‘qitilib, malaka oshirib borishi uchun sharoit yaratilgan.
Mamlakatimiz sanoatida avtomobilsozlikning ulushi o‘n foizni tashkil etadi. Avtomobil ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda. Xususan, bugungi kunda bir ming to‘rt yuz turdagi butlovchi qismlar mahalliylashtirilgan. Xorijiy hamkorlar bilan kelishilib, qo‘shimcha quvvatlar qurilmoqda. Talab bor joyda taklifning bo‘lishi muhim. Endi elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish zamon talabi sanaladi.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosirjon HAYDAROV(surat),
O‘zA