Arxiv sahifalaridagi jurnalistlar
Toshkent foto suratlar uyida "O‘zarxiv" agentligi tomonidan 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan "Arxiv sahifalaridagi jurnalistika tarixi” mavzusidagi arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi ochildi.
[gallery-30082]
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan 1930-2025-yillarga oid bo‘lgan O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan taqdim etilgan mamlakatimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalarining rivojlanishini aks ettiruvchi 100 dan ortiq fotohujjatlar namoyish etildi.
Shuningdek, ko‘rgazmada arxiv saqlovidagi Muslimbek Yo‘ldoshev hamda Nasiba Ibragimova shaxsiy fondlaridan ham foto hujjatlar qo‘yildi. Ko‘rgazmada intervyu va suhbatlar, respublika, markaziy va hududiy, mahalliy gazeta, jurnallar hamda teleradio studiyalarining ish jarayonlari, teledastur va eshittirishlar tayyorlash, materiallar ustida ishlash, tasvirga olish va ovoz yozish jarayonlari, davra suhbatlari, turli mavzularga bag‘ishlangan matbuot anjumanlari aks etgan.
Shu bilan birga, televideniye va radio birinchi suxandonlari, rejissyor va operatorlari, taniqli va xalq suygan boshlovchi va suxandonlar faoliyati yoritilgan. Jumladan, ko‘rgazmada qo‘yilgan eng tarixiy rasmlardan biri 1931-yilga tegishli bo‘lib, ushbu foto hujjat radioboshlovchining radio eshittirishi chog‘ida olingan.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev(surat),O‘zA