Armaniston Eron va Hindistondan sotib olingan havo mudofaasi tizimini sinovdan o‘tkazdi
Armaniston Mudofaa vazirligi mamlakat harbiy xizmatchilari Eron hamda Hindistondan xarid qilingan havo hujumidan mudofaa tizimini qo‘llagan holda o‘tkazgan harbiy mashg‘ulotdan lavha tarqatdi.
Bu haqda “Ozod Eron” nashri xabar berdi.
O‘quv mashg‘ulotida Islom Respublikasining qisqa masofaga uchadigan va nisbatan pastdagi nishonni urishga mo‘ljallangan “Majid” hamda Hindistonning o‘rta masofali “Akash” havo mudofaasi tizimi namoyish etilgan.
Yerevan va Tehron harbiy hamkorligi ko‘lami kengayishi asnosida yuz bergan ushbu voqea Yerevanning xavfsizlik siyosatidagi ziddiyatli holatini yaqqol ko‘rsatadi. Mamlakat bir tomondan G‘arb davlatlari bilan harbiy-siyosiy aloqani mustahkamlashga intilyapti, ikkinchi tomondan AQSH va G‘arb tomonidan kuchli bosimga uchrayotgan Eron bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirmoqda.
Tehron havo mudofaasi tizimi Armaniston hududida namoyish qilinishi ayni aloqalar shunchaki siyosiy bayonot bilan cheklanib qolmay, amaliy harbiy-texnik bosqichga o‘tganidan dalolat beradi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA