Arabshunoslik sohasida xalqaro tajriba
Har qanday soha rivojida bilimli, malakali, jahon talabiga javob bera oladigan mutaxassislar muhim o‘rin egallaydi. Shu bois taraqqiy etgan mamlakatlar ta’lim tizimida iqtidorlarni tayyorlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Xususan, Prezidentning 2020 yil 16 apreldagi “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mutaxassislarimizni xorijdagi nufuzli ilmiy muassasalarda muntazam ilm olishini tashkil etish zarurati ko‘rsatilgan.
Keyingi yillarda O‘zbekistonning qator arab davlatlari bilan ilmiy-madaniy aloqalari izchil rivojlanmoqda. Bu jarayonda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish asnosida qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslari tashkil etish, talabalarimiz uchun qabul kvotalari miqdorini oshirish, mutaxassislar tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish asosiy masalalarga aylangan.
Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘quv jarayoni va ilmiy faoliyatga chet eldan malakali mutaxassislarni jalb qilish orqali ilg‘or tajriba almashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hamkorlik o‘rnatilgan 30 ga yaqin xorijiy davlat ta’lim muassasalari orasida Saudiya Arabistoni Podshoh Saud universiteti, “RASANAH” eronshunoslik xalqaro instituti, Podshoh Salmon nomidagi arab tili xalqaro akademiyasi (KSGAAL), Podshoh Abdulloh bin Abdulaziz markazi, “Arab tili barcha uchun (Arabic for all)” markazi, Misr Arab Respublikasi Helvon, Al-Azhar, Qohira, Mansura, Iskandariya universitetlari, “Al-Hyevar” siyosiy va media tadqiqotlar markazi, O‘mon Sultonligi Sulton Qobus universiteti bor. Eng muhimi, sheriklik natijasida orttirilgan tajriba o‘quv jarayoniga tatbiq etilib, ta’lim sifatini oshirish, malakali mutaxassislar yetishtirib chiqarish bo‘yicha samaradorlikni oshirish imkonini bermoqda.
Oxirgi yillarda Podshoh Salmon xalqaro arab tili akademiyasi bilan birga TDSHU bazasida ikki marta malaka oshirish kursi tashkil etildi, universitetimizning 7 nafar o‘qituvchisi Ar-Riyod shahrida “Arab tili barcha uchun (Arabic for all)” markazida tajriba orttirdi. Sulton Qobus universitetida 6 nafar ayol arab tilini o‘rganayotgan talabalarda eshitib tushunish, gapirish, o‘qish-yozish ko‘nikmasini hosil qilish va rivojlantirish darslarida qatnashdi.
O‘qituvchilarimiz malaka oshirish barobarida mazkur mamlakatlar tarixiy obidalari, sun’iy intellektga ixtisoslashgan muzeylari, kutubxonalari bilan ham tanishdi. Podshoh Saud universiteti hamda O‘mondagi davlat maktablari tajribasi, xususan yuqori sinflarda arab tili qoidasini o‘zlashtirish usullari, dars davomida qo‘llanadigan yangi pedagogik texnologiyalardan boxabar bo‘lishdi. Nizva universiteti axborot-resurs hamda xattotlik markazlari, Xalil Ahmad Farohidiy nomli xalqaro tilshunoslik ilmiy majmuasi faoliyatini o‘rgandi, arab xat turlari bo‘yicha mahorat sabog‘i oldi.
Bir so‘z bilan aytganda, arabshunoslik bo‘yicha xalqaro tajriba xalqaro miqyosda tan olingan reytinglar TOP-300 ro‘yxati asosida takomillashtirilib, asosiy e’tibor talabalarga mumtoz va zamonaviy arab tilini chuqur o‘rgatish, A1-C1 darajasiga mos bilim berishga qaratilyapti.
Ikrom Bultakov,
TDSHU Arabshunoslik oliy maktabi rahbari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
O‘zA