Arab va musulmon mamlakatlari Isroilni G‘azo tinchlik rejasi bo‘yicha majburiyatini bajarishga chaqirdi
Misr, Qatar, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Pokiston, Turkiya va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda G‘azo sektori bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildi.
Vakillar hududda “davom etayotgan gumanitar azob-uqubat”dan xavotir bildirib, Isroilni G‘azo tinchlik rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha majburiyatini bajarishga chaqirgan.
– Insonparvarlik yordami darhol, xavfsiz va to‘siqsiz yetkazilishini ta’minlash, anklavdagi muhim infratuzilmani tiklashga ko‘maklashish zarur, – deyilgan bayonotda.

Shuningdek, Isroil tomonidan G‘arbiy Sohil “anneksiya” qilinishiga qarshi chiqqan hamkorlar Buyuk Britaniya hukumatining Isroil aholi manzillari bilan savdoni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini olqishlagan.
Qo‘shma bayonot muallif davlatlarning G‘azo bo‘yicha keng qamrovli reja va yo‘l xaritasi to‘liq ijro etilishi uchun Qo‘shma Shtatlar, Tinchlik kengashi va Falastin ma’muriyati bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.
S.Rahimov, O‘zA