AQSH kompaniyasi bilan investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar tayyorlashga qaratilgan xalqaro hamkorlik izchil kengaymoqda.
Bu borada dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan muloqotlar mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligida AQSHning chorvachilik uchun ozuqa qo‘shimchalari va ozuqaviy ingrediyentlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SAM Nutrition” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda makkajo‘xori asosida fermentatsiya texnologiyasi orqali chorvachilik uchun ozuqa ingrediyentlari ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning boy xomashyo bazasi, qulay investitsiya muhiti, ozuqa sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, xomashyo ta’minoti, logistika imkoniyatlari hamda uzoq muddatli hamkorlik yo‘nalishlari xususida fikr almashildi. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni mamlakatimizga transfer qilish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish va mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv doirasida “SAM Nutrition” kompaniyasi rahbariyati o‘zining xalqaro faoliyati, vitaminlar, aminokislotalar va boshqa ozuqa qo‘shimchalari ishlab chiqarish sohasidagi tajribasi haqida taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, kompaniya tomonidan joriy etilayotgan innovatsion texnologiyalar va istiqbolli investitsiya loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, fermentatsiya texnologiyalari asosida ishlab chiqariladigan ozuqa ingrediyentlari chorvachilik mahsuldorligini oshirish, ozuqa samaradorligini yaxshilash hamda sohada yuqori qo‘shimcha qiymat yaratishda muhim ahamiyatga ega. Bu esa mamlakatimizda ozuqa sanoatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar texnologiyalar transferini rivojlantirish, investitsiya loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mazkur muloqot O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va ozuqa sanoatiga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, xalqaro investitsiyalarni kengaytirish hamda mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA