“Aqlli” xarita — samarali ta’minot kafolati
Bugungi kunda mamlakatimizda kommunal sohani raqamlashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda infratuzilma ob’ektlarini zamonaviy boshqaruv tizimlari asosida yuritishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, tabiiy gaz ta’minoti tizimida innovatsion yondashuvlarni joriy etish orqali ish samaradorligini oshirish, avariya holatlarining oldini olish va iste’molchilarga qulaylik yaratish muhim vazifalardan biriga aylangan.
Shu maqsadda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida ham zamonaviy raqamli dasturlar keng joriy etilmoqda. Xususan, “ArcGIS – HGT Onlayn boshqaruv” geografik axborot tizimi bugungi kunda sohadagi muhim elektron platformalardan biri sifatida samarali qo‘llanilmoqda.
Ayni paytda tizimda faoliyat yuritayotgan 117 nafar hudud chilangarlarining kunlik ish jarayonlari ushbu elektron dastur orqali muntazam tahlil qilib borilmoqda. Bu esa tabiiy gaz tarmoqlari va undagi qurilmalardan samarali foydalanish, xizmat ko‘rsatish ishlarini tizimli tashkil etish hamda ish sifati va tezkorligini yanada oshirish imkonini bermoqda.

Mutaxassislar maxsus mobil ilova orqali kun davomida amalga oshirgan ishlari haqidagi ma’lumotlarni “ArcGIS – HGT Onlayn boshqaruv” tizimiga onlayn tarzda yuklab boradi. Natijada har bir hududdagi ish jarayoni real vaqt rejimida kuzatilib, gaz ta’minotining uzluksizligi monitoring qilinadi. Shu bilan birga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlari tezkor aniqlanib, ularni qisqa muddatda bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Eng muhimi, mazkur raqamli tizim orqali aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Gaz tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash, texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini rejalashtirish va nazorat qilish jarayonlari ancha osonlashgan.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali yetakchi muhandisi Azamat G‘aybullayevning ta’kidlashicha, mazkur dastur nafaqat ish jarayonlarini nazorat qilish, balki tahlil qilish imkoniyatini ham kengaytirgan:

-ArcGIS — bu zamonaviy “aqlli” xarita tizimi hisoblanadi. U orqali gaz ta’minoti xodimlarining faoliyati kuzatiladi, bajarilgan ishlar tahlil qilinadi va har bir jarayon elektron bazaga kiritib boriladi. Bu esa ish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, muammolarni oldindan aniqlash imkonini ham yaratadi. Eng asosiysi, tizim vizual ma’lumotlar bilan ishlaydi. Ya’ni xarita orqali qaysi hududda qanday muammo borligi, qanday ishlar amalga oshirilgani yoki bajarilishi lozimligi aniq ko‘rinib turadi. Natijada kerakli gaz o‘z vaqtida va sifatli yetkazib berilishi ta’minlanadi, — deydi mutaxassis.
Darhaqiqat, raqamli texnologiyalarning kommunal sohaga keng tatbiq etilishi nafaqat xodimlar mehnatini yengillashtirmoqda, balki aholi uchun ham qulay va ishonchli xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirmoqda. “Hududgaz Buxoro” filialida amalga oshirilayotgan bunday zamonaviy yondashuvlar esa sohada ochiqlik, tezkorlik va samaradorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA