«Aqlli» gaz hisoblagichdan ham «aqlli»lik qilmoqchi bo‘lgan iste’molchilar ushlanmoqda
Mamlakatimizda iste’molchilarning elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishining elektron tizimga o‘tkazilgani energiya resurslarini tejash va ularni noqonuniy sarflashning oldini olishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Biroq ayrim iste’molchilar xonadonidagi zamonaviy gaz hisoblagichni tarmoqdan uzib, rezina shlang orqali foydalanayotganida siri fosh bo‘lib qolmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, «aqlli» gaz hisoblagich o‘rnatilsa, tabiiy gazning ortiqcha sarflanishiga chek qo‘yiladi. Iste’molchida qarzdorlik bo‘lmaydi. Buning boisi, zamonaviy hisoblagichda alohida sim karta o‘rnatilgan bo‘lib, iste’molchi hisob raqamida to‘lov mablag‘i kam qolganda uning qo‘l telefoniga ogohlantiruvchi xabar keladi. To‘lov amalga oshirilmagach, tizim avtomat tarzda o‘chadi. Qarzdor iste’molchining hisoblagichi faqat ish kunlari o‘chiriladi. Haroratga qarab gaz o‘tkazadi. O‘n yilda bir marta qiyoslov ko‘rigidan o‘tkaziladi.
Bu jarayonlar elektron tizim bo‘lgani uchun tegishli ma’lumotlar 90 kun saqlanadi va foydalanilgan gaz hisobini ortga qaytarib bo‘lmaydi. Qurilmaga tegizilsa, tizim avtomat ravishda o‘chiriladi. Demak, zamonaviy gaz hisoblagich o‘z-o‘zidan tabiiy resursdan o‘g‘rincha foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi.

– Tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgani qarzdorlik bilan bog‘liq muammo va uzilishlarning oldini olayotir, – deydi «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Aziz Mashrapov. – Yo‘qotishlar va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari to‘g‘risida ta’minotchini vaqtida ogohlantirmoqda. Chunki, u yoqilg‘i sarfini yuqori aniqlik bilan o‘lchab, real vaqt rejimida markazga aniq ma’lumotlarni uzatadi. Tasavvur qilyapsizmi, hisoblagich xuddi mobil telefon kabi sim karta va akkumulyator-batareyada ishlab, dispetcherlik xizmatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri simsiz aloqa yordamida ulanadi. Dispetcher o‘z monitorida qaysi xonadonga ayni daqiqada qancha miqdorda gaz berilayotgani yoki umuman berilmayotgani, qayerda qanday nosozlik borligi kabi holatlarni nazorat qilib turadi. Hisoblagichda qarzdorlik yuzaga kelishi bilan inson aralashuvisiz gaz berish iste’molchi tomonidan pul to‘langunga qadar to‘xtatiladi.
Soha xodimlarining aytishicha, inson omilisiz boshqariladigan bu tizimda gaz tarmoqdan darhol kelmay qolmaydi. Qarzdorlik paydo bo‘lishiga yaqin qolganda hisoblagich pul to‘lash lozimligi to‘g‘risida mobil telefonga qisqa xabar (SMS) yuboradi. Dam olish va bayram kunlaridan boshqa vaqtdagina qarzdorga gaz berish avtomatik to‘xtatiladi. Buning sababi aniq: elektron tizim tijorat banklari ishlamaydigan kunlari kassaga pul to‘lay olmasligingizni biladi.

Qarzdorlik sababli gaz berish to‘xtatilgach, iste’molchi pul to‘lab, qarzni yopganidan so‘ng ham hisoblagich, toki iste’molchi uydagi barcha ochiq qolgan gaz uskunalarini berkitmagunicha, xavfsizlik nuqtai-nazaridan gazni o‘tkazmay turadi.
– Elektron boshqariladigan zamonaviy gaz hisoblagich o‘rnatilayotganida uning barcha xususiyatlari «ipidan ignasigacha» iste’molchiga tushuntirilmoqda, – deya suhbatni davom ettiradi A.Mashrapov. – Afsuski, ayrim iste’molchilar «aqlli» gaz hisoblagichdan ham «aqlliroq» ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lib, o‘zboshimchalik bilan gaz hisoblagichni yechib olib, qo‘l bola rezina shlanglar orqali «zangori olovdan» foydalanishga urinmoqda. Bu holat turli ko‘ngilsiz hodisalarni keltirib chiqarayotgani achinarlidir. Bilasizmi, tarmoqqa noqonuniy ulanish qanday yuz beryapti? Ko‘pincha tabiiy gaz to‘lovidan qarzi bo‘lgan iste’molchi yangi «aqlli» hisoblagichni gazdan uzib, rezina shlang bilan noqonuniy tarmoqqa ulanishni hayoliga keltirmoqda. Bu ishni amalga oshirgach, rezina shlangdan gaz sizib chiqishi kuzatilmoqda. Ayrim hollarda xonadonda gaz portlashlariga ham sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatning Sherobod, Denov tumanlari va Termiz shahrida 19 iste’molchining zamonaviy gaz hisoblagichlarni noqonuniy yechib olib, ishlatish holati qayd etilgan. Masalan, sherobodlik X.Bekmurodov 805 ming so‘mlik qarz bilan yangi gaz hisoblagichni tarmoqdan uzib qo‘yganida siri fosh bo‘lgan. Bunday noxush holatlar o‘sha vaqtning o‘zida aniqlanib, xonadon gaz ta’minotidan uzilmoqda va tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilayotir.
Mazkur iste’molchilar tabiiy gaz tarmog‘iga g‘ayriqonuniy ulanishi natijasida shu yilning o‘tgan davrida qariyb 21 ming kub-metr hajmdagi tabiiy gazni o‘zboshimchalik bilan sarf qilgan. Bu harakati bilan ta’minot korxonasiga 8 million so‘mga yaqin moddiy zarar yetkazilgan. Ushbu mablag‘ tegishli tartibda undirilib, yetkazilgan zarar bartaraf etilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA