"ANSA": Quyosh tizimi kutilganidan ertaroq parchalanishi mumkin
Quyosh tizimining parchalanishi olimlar avval taxmin qilganidan ancha erta sodir bo‘lishi mumkin. Bu haqda Italiyadagi axborot hamkorimiz - "ANSA" yozmoqda.
Kaliforniya texnologiya instituti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun sayyoralari Quyosh faoliyati tugaganidan keyin taxmin qilinganidek 100 milliard yil emas, balki atigi bir milliard yil saqlanib qolishi mumkin. Tadqiqot natijalari “The Astrophysical Journal Letters” ilmiy jurnalida e’lon qilingan.
Olimlarning prognozlariga ko‘ra, taxminan besh milliard yildan keyin Quyosh yadrosidagi vodorod zaxirasi tugaydi. Natijada u kengayib, Merkuriy va Venerani o‘z ichiga yutishi mumkin. Yer esa saqlanib qolgan taqdirda ham hayot uchun yaroqsiz, o‘ta issiq sayyoraga aylanadi.
Konstantin Batigin boshchiligidagi tadqiqotchilar Quyosh evolyutsiyasi va sayyoralar orbitasidagi o‘zgarishlarni o‘rganish maqsadida 672 ta kompyuter modelini sinovdan o‘tkazdi.
Natijalarga ko‘ra, ssenariylarning 96 foizida Quyosh oq mitti yulduzga aylanganidan keyingi uch milliard yil ichida sayyoralar orbitasida jiddiy beqarorlik yuzaga kelishi mumkin. Ayrim modellarda sayyoralarning Quyosh tizimidan chiqib ketishi, boshqalarida esa Uran va Neptun orbitalarining o‘zaro almashishi kuzatilgan.
Olimlar ushbu natijalar Quyosh tizimining uzoq kelajagiga oid avvalgi tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA