Anomal issiqda yovvoyi tabiat muhofaza ostida
Respublikada kuzatilayotgan anomal issiq sharoitida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda hayvonot va o‘simlik dunyosini asrash, yong‘in xavfining oldini olish hamda tabiatga salbiy ta’sirlarni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar yanada kuchaytirildi.
Jumladan, Samarqand viloyatidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘ida yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda nazorat va patrullik ishlari kuchaytirildi. Yovvoyi hayvonlar hamda Qizil kitobga kiritilgan noyob turlar uchun tashkil etilgan sun’iy suv ichish joylari muntazam suv bilan ta’minlanmoqda. Volerlarda parvarishlanayotgan Buxoro bug‘ulari uchun sun’iy suv havzalari to‘ldirilib, doimiy nazoratga olindi. Shuningdek, hududning muhim nuqtalariga katta hajmli suv sig‘imlari o‘rnatilib, yong‘inga qarshi texnika va jihozlar shay holatga keltirildi.
Navoiy viloyatidagi «Markaziy Qizilqum» milliy tabiat bog‘ida ham yovvoyi hayvonlar va qushlarning suvga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida tabiiy hamda sun’iy suv manbalari doimiy kuzatuvga olingan. Mutaxassislar suv ichish joylarini muntazam ko‘zdan kechirib, suv zaxiralarini to‘ldirmoqda va zarurat tug‘ilgan hududlarda qo‘shimcha suv manbalarini tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi «Sudoche-Akpetki» va «Barsakelmas» davlat buyurtma qo‘riqxonalari, Navoiy viloyatidagi «Oqtog‘–Tomdi» davlat qo‘riqxonasi, Jizzax viloyatidagi Zomin davlat qo‘riqxonasi, Surxondaryo viloyatidagi Surxon davlat qo‘riqxonasi hamda Xorazm va Buxoro viloyatlari hududida joylashgan Qizilqum davlat qo‘riqxonasida yong‘in xavfsizligiga bag‘ishlangan seminarlar va amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday chora-tadbirlar nafaqat anomal issiqning hayvonot va o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sirini kamaytirish, balki noyob turlarni saqlab qolish, ekologik muvozanatni ta’minlash va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda yong‘inlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA