Angrenga katta futbol qaytdi
...Angren shahrida futbolni sevishadi. Bunga sabab esa 2000 yillarda Angren “Semurg‘” jamoasining oliy ligadagi muvaffaqiyatli odimlari va yorqin o‘yinlaridir. O‘sha yillarda “Semurg‘” milliy chempionatimizning peshqadamlari bo‘lgan “Neftchi”, “Navbahor”, “Paxtakor” jamoalari uchun kuchli raqiblardan biri edi. Angrenda Ilyos Zeytullayev, Aleksandr Geynrix, Islom Inomov kabi mashhur futbolchilari yetishib chiqqan...
Prezidentimiz bilan saylovoldi uchrashuvda angrenliklar shaharga sportni qaytarish, “Delfin” suzish havzasini qayta tiklash bo‘yicha iltimoslari inobatga olindi. “Delfin” suzish havzasi OKMK homiyligida to‘liq ta’mirlandi. Shuningdek, uning yonidagi “Kimyogar” stadioni ham qayta tiklanib, ta’mirdan chiqarildi.
Bundan tashqari, OKMK PFK qoshida “OKMK-Semurg‘" jamoasini tashkil etish taklifi ham inobatga olindi.
[gallery-22940]
Angrenga katta futbol qaytdi. O‘zida 8000 muxlisni sig‘dira oladigan “Kimyogar” stadioniga haqiqiy katta futbol qaytdi. Joriy yilning 18 aprel kuni Angren shahrida mavsumning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘zbek futboli faxriylari Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov, O‘FA maslahatchisi Rahmiddin Zikriyayev va OKMK professional futbol klubi prezidenti Abdulla Xursanov, OKMK FK bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov va taniqli futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayevlar ishtirok etib, angrenlik futbol muxlislariga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.
Shuningdek, tadbirda OKMK jamoasining ko‘p yillik muxlisi, bu yil yuz yoshni qarshi olgan Anorboy ota Jalilov so‘z olib, Angren shahriga katta futbolni qaytargan mutasaddilarga futbol ishqibozlari nomidan minnatdorlik bildirdi va yangi jamoaga omad tilab, duo qildi.
Ma’lumot uchun: bu yildan boshlab “OKMK-Semurg‘" jamoasi O‘zbekiston professional futbol ligasi tasarrufidagi 1-liganing Sharq mintaqasida ishtirokini boshladi. Jamoa 1-turda “Paxtakor Farm” klubini mehmonda 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
2-turda esa 18 aprel kuni o‘z uyida Andijonning “Andijon FA” jamoasiga mezbonlik qilib, 2-0 hisobida g‘alaba qozondi. Hozirda jamoa 6 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.
OKMK axborot xizmati