Angren shakar zavodi yurtdoshlarimiz ehtiyojining 50 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mamlakatimizdagi yirik korxonalardan biri – Angren shakar zavodi faoliyati bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etdi.
2014 yilda faoliyat boshlagan mazkur zavod xalqimiz dasturxoniga bir kunda 1000 tonna shakar yetkazib berish quvvatiga ega. Korxonada barcha ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilgan. Ya’ni, shakar xomashyosini qayta ishlashdan tortib, uni qoplash jarayonigacha inson omili ishtirok etmaydi. Bu jarayon maxsus xonalarda kompyuterlar orqali boshqarilmoqda.
Texnik jihozlar Germaniya, Shvetsiya, Italiya, Avstriyadan keltirilgan. Korxonada asosan shakarqamishdan shakar ishlab chiqariladi va mahsulot xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi talablari asosida ISO 9001: 2015, ISO 22000 sertifikatlariga ega.

Yana bir e’tiborli jihati shundan iboratki, zavod dunyoning nufuzli oziq-ovqat brendi bo‘lgan O‘zbekistondagi Coca cola, Pyersi cola, Nestle kompaniyalari bilan shartnoma imzolagan.
Press-tur jarayonida korxona mahsulotini iste’molga yaroqli holatga keltirib, sifatini nazorat qiladigan maxsus laboratoriya bilan ham tanishdik. U yerda mahsulot sifati va uning iste’molga yaroqlilik jihati tajribali mutaxassislar tomonidan nazorat qilib boriladi. Shakar rangi qanchalik oq va hidsiz bo‘lsa, u shunchalik toza mahsulot hisoblanadi. Buning uchun mahsulot yettita bosqichda tozalanadi.
Xomashyo asosan Lotin Amerikasi davlatlari va Rossiyadan olib kelinyapti.

Press-tur davomida shakar ishlab chiqarish jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ldik. Shakar iste’molga yaroqli holatga kelgunga qadar 10 dan ortiq bosqichdan o‘tar ekan. Qadoqlanib tayyor holatga keltirilgan mahsulot saqlanadigan ombor zavodning katta qismini egallagan.
Shakar tayyorlash jarayonida sarflanadigan elektr energiyasi korxonaning o‘zida ishlab chiqariladi. Zavod ushbu quvvat manbai bilan ishlaganda bir kunda ming yoki bir ming ikki yuz tonnagacha shakar ishlab chiqarishi mumkin. Zavod O‘zbekiston aholisining shakarga bo‘lgan ehtiyojining 50 foizdan ortig‘ini ta’minlash imkoniga ega.
– Mahsulot haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmagan iste’molchi yirik va sariq rangdagi shakar mazali va sifatli, deb o‘ylaydi, – deydi Angren shakar zavodi laboratoriya bo‘lim boshlig‘i Gamlet Bakiyev.– Ba’zi iste’molchilar Rossiya va Ukrainada ishlab chiqariladigan nisbatan yirikroq va sariq rangli shakrni afzal, deb bilishadi.

Ammo u sifati va iste’molga yaroqliligi bo‘yicha bizning mahsulotga teng kelmaydi. Yaxshi tozalanmagan shakarni uning hididan ham bilish mumkin. Tozalash jarayonida shakar tarkibidagi saxaroza moddasi saqlanib qolinishi, fruktoza va laktoza kabi moddalar esa alohida ajratib olinishi zarur. Angren zavodi o‘z mahsulotini faqat Savdo birjasi orqali sotadi.
Press-tur so‘ngida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Angren shakar zavodi mahsulotiga SGS xalqaro tashkiloti tomonidan qo‘yilgan talablar bo‘yicha oziq-ovqat xavfsizligi va xalqaro sifat standartlarini belgilovchi ISO-9001 va FSSCO-22000 sifat sertifikatlarini topshirdi.
– Angren shakar zavodi xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi boshqarma boshlig‘i Asqarali Asqarov.
– Ya’ni, oziq-ovqat xavfsizligi xalqaro standartini qo‘lga kiritdi. Bu standart butun dunyoda tan olinadi. O‘zbekistonda bunday sertifikat olgan korxonalar atigi 35 tani tashkil etadi. Bu standart zavodda oziq-ovqat xavfsizligi tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini bildiradi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA