Maktabga badiiy kitoblar, musiqa asboblari, sport anjomlari topshirildi
Yozgi ta’til — bolalar va yoshlar uchun nafaqat dam olish, balki o‘z iqtidori va salohiyatini namoyon etish, bilim va ko‘nikmalarini boyitish imkoniyatidir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kun” dasturi ana shu ezgu maqsadga xizmat qilib, yoshlarni kitobxonlik, sport va ma’naviy kamolotga keng jalb etishning muhim maydoniga aylanmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan yoshlar siyosati, ayniqsa, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidor va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar mamlakatimizda izchil davom etmoqda. Bu jarayonda hududlarda amalga oshirilayotgan amaliy loyihalar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Jizzax viloyatida ham yoshlarning ma’naviy va jismoniy kamolotini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tashabbusi bilan umumta’lim maktablarini badiiy adabiyotlar va sport jihozlari bilan ta’minlash ishlarining izchil tashkil etilgani ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir.
Navbatdagi xayrli tadbir Zomin tumanidagi 73-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda AT “Aloqabank”ning Jizzax hududiy xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan ta’lim muassasasiga badiiy kitoblar, musiqa asboblari, stol tennisi jihozlari hamda turli sport anjomlari topshirildi.

Taqdim etilgan kitoblar yoshlarning ma’naviy olamini boyitish, ularda mutolaa madaniyatini shakllantirishga xizmat qilsa, sport jihozlari o‘quvchilarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga zamin yaratadi. Musiqa asboblari esa ularning san’atga mehri va estetik didini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Bugun mamlakatimizda kitobxonlik va sportni ommalashtirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Zero, kitob tafakkurni charxlaydi, dunyoqarashni kengaytiradi, sport esa iroda va matonatni toblaydi. Ana shu ikki muhim omil uyg‘unligi barkamol avlod tarbiyasining mustahkam poydevorini yaratadi. San’at esa inson qalbini nafosat va ezgulik bilan boyitadi.
Ayniqsa, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilayotgan musobaqa va tanlovlarda yoshlarning faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bugun har bir hudud oldida turgan muhim vazifalardan sanaladi. Maktablarga sport anjomlari, cholg‘u asboblari va kitoblar yetkazib berilayotgani mazkur vazifalar ijrosidagi muhim amaliy qadam hisoblanadi.
Ta’lim muassasasi jamoasi ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, taqdim etilgan adabiyotlar va sport jihozlari o‘quvchilarning bilim olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi hamda iqtidorini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Eng muhimi, bunday ezgu tashabbuslar yoshlarni kitob bilan do‘stlashtirish, sport bilan oshno etish, ularning qalbida Vatanga muhabbat va yuksak maqsadlarga intilish tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Kitob mutolaa qilgan, sport bilan shug‘ullangan, san’atdan bahra olgan yoshlar — Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, ertangi taraqqiyotning mustahkam tayanchidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri