Axborot maydonining yangi nafasi
Fakt va feyk o‘rtasidagi masofa bir necha soniya bilan o‘lchanadigan zamonda jurnalistning bilim va mahorati har qachongidan ham muhim. Jizzaxda tashkil etilgan “Media haftalik” ana shu talabdan kelib chiqib, media sohasi vakillari uchun tajriba, muloqot va innovatsiyalar maydoniga aylandi.
Jizzaxda besh kun davom etgan “Media haftalik” nafaqat bilim va tajriba almashish maydoni, balki zamonaviy jurnalistika, raqamli kommunikatsiyalar va kreativ g‘oyalarni birlashtirgan muhim platformalardan biriga aylandi. Forum media sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, yangi tendensiyalarni o‘zlashtirish va professional hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Jizzax viloyatida tashkil etilgan “Media haftalik” tadbirlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Besh kun davomida jurnalistlar, matbuot kotiblari, blogerlar, SMM mutaxassislari va media sohasining faol vakillari bir maydonda jam bo‘lib, sohaning buguni va ertasi haqida fikr almashdi.
Haftalik doirasida tashkil etilgan seminar-treninglar, mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokchilar zamonaviy kontent yaratish texnologiyalari, sun’iy intellektning media sohadagi imkoniyatlari, mediaxavfsizlik, faktcheking, raqamli kommunikatsiyalar hamda auditoriya bilan samarali muloqot o‘rnatish mexanizmlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini boyitdi.
[gallery-29967]
Ayniqsa, axborot oqimi tobora shiddatli tus olayotgan bugungi davrda ishonchli manba bilan ishlash, soxta xabarlarni aniqlash va sifatli kontent tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa ishtirokchilar uchun nazariya va amaliyot uyg‘unlashgan o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini o‘tadi.
“Media haftalik”ning tantanali yopilish marosimida Kontent tayyorlash markazi direktori o‘rinbosari Jahongir Abdurahmonov, “Ishonch” – “Doveriye” gazetalari bosh muharriri, senator Husan Ermatov, Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Xudoyshukurov hamda media ekspert Beruniy Alimovlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida haftalik doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, ishtirokchilarning taassurotlari va takliflari tinglandi. Sohani yanada rivojlantirish, professional hamkorlikni kengaytirish, yangi media loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim fikr va tashabbuslar ilgari surildi.
Forum yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Bu nafaqat ularning faol ishtirokini e’tirof etish, balki zamonaviy media muhitida yangi bilim va tajribalarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga berilgan munosib baho bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Media haftalik” axborot sohasi vakillarini birlashtirgan, yangi g‘oyalar tug‘ilgan, tajriba va innovatsiyalar uyg‘unlashgan muhim maydon sifatida yodda qoldi. Eng muhimi, u sifatli va ishonchli axborot makonini shakllantirish yo‘lidagi ezgu maqsadlarga xizmat qildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari