Andijonda “Rektor kubogi” g‘oliblari taqdirlandi
Andijon viloyati hokimi tashabbusi bilan “Noyabr – ommaviy sport oyligi”, deb e’lon qilingan bo‘lib, oylik doirasida korxona, tashkilot va muassasalarda sport musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Andijon davlat tibbiyot institutida “Rektor kubogi” uchun sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda institut professor-o‘qituvchilari g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.

– Sportning ommaviyligini oshirish, qolaversa, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan musobaqalarda professor-o‘qituvchilarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etdi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori G‘ulomjon Xojimatov. – Shu bois, har bir fakultet jamoasi g‘oliblik uchun astoydil harakat qildi.

Fakultetlararo erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasidagi sport bellashuvlari qiziqarli va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi.
Stol tennisi musobaqasida ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi M.Mahmudov erkaklar o‘rtasida, 1-akusherlik va ginekologiya kafedrasi o‘qituvchisi G.Sobirova ayollar o‘rtasida g‘olib bo‘ldi.

Voleybol musobaqasida stomatologiya fakulteti erkaklar jamoasi, ayollar o‘rtasida esa pediatriya fakulteti jamoasi 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan o‘yinlarda Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti vakillari M. Qosimxojiyev hamda R. Saxataliyeva g‘olib chiqdi.

Musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida 1-o‘rin pediatriya fakulteti, 2-o‘rin stomatologiya fakulteti, 3-o‘rin esa davolash fakulteti jamoalariga nasib etdi.
“Rektor kubogi” o‘yinlarining g‘olib va faol ishtirokchilari institut rektorati hamda kasaba uyushma qo‘mitasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA