Andijonda Qurbon hayiti namozi yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘qildi
Mamlakatimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni ado etishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Bugun xalqimiz Qurbon hayiti namozini shukronalik bilan ado etdi.
– Marhamat tumani O‘qchi mahallasidagi yaqinda foydalanishga topshirilgan, barcha qulayliklarga ega “O‘qchi” jome masjidida hayit namozini o‘qidim, – deydi mehnat faxriysi Nozimjon Naziraliyev. – Ochig‘i, bugun ibodatimiz uchun, masjidlarda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, shukronalar keltiraman. Bir paytlar qiyin kunlarni boshimizdan o‘tkazganmiz. Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsinki, bugun ibodat qilishimiz, namoz o‘qishimiz uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Masjidlarimizda tahorat olish, ibodat qilish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Bunga beadad shukrlar keltiraman. Ilohim, tinch-osoyishta, inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizga aslo ko‘z tegmasin.
[gallery-29663]
Erta tong, Qurbon hayiti namozi oldidan “O‘qchi” jome masjidi imom-xatibi Qamariddin Minhojiddinov masjidga tashrif buyurganlarni hayit bayrami bilan muborakbod etdi, mamlakatimizda bayramni ko‘tarinkilik bilan o‘tkazish, namozxonlar uchun keng imkoniyatlar yaratilganligini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz tomonidan joriy yil 22-may kuni imzolangan “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida xalqimizning qadimiy, diniy bayrami –muborak Qurbon hayitining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik, mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish, ushbu ulug‘ bayramni munosib nishonlash, ehtiyojmandlar, yordamga muhtoj insonlarga saxovat, mehr-muruvvat ko‘rsatishdek xayrli ishlar olib borilmoqda.
Bugun andijonliklar viloyatdagi 179 ta jome masjidi hamda “Sayid Muhyiddin mahdum” nomli o‘rta maxsus islom bilim yurtida hayit namozini yuqori ko‘tarinkilik bilan ado etdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov, (surat),
O‘zA muxbirlari.